Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni Samarqand shahriga yetib bordi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari birinchi bo‘lib, Samarqand xalqaro aeroportida yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.


«Ma’lumki, bu „havo darvozasi“ qariyb 83 million dollarlik loyiha evaziga yangidan qurilmoqda. O‘tgan yili uchish-qo‘nish yo‘lagi qayta qurilgan edi. Bugungi kunda yangi terminal to‘liq tiklanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Yo‘l, avtoturargoh va yoritish ustunlari barpo etilmoqda», — deyiladi xabarda.

Mirzo Ulug‘bekning buyuk merosi Samarqandning timsoliga aylangan. Shu bois yangi aeroport binosi allomaning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» kitobi shaklida barpo etilgan.


Aeroportda «ochiq osmon» rejimi qo‘llaniladi, kargo xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi. Yangi terminal kelgusi oyda foydalanishga topshiriladi.

Terminalning eni 175, balandligi 25 metr. Bir soatda 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 15 aprelida «Gazeta.uz» Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng yiliga 1,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilayotgani haqida yozgandik. «Air Marakanda» kompaniyasiga DXSH asosida 20 yilga aeroportni boshqarish huquqi beriladi. Kompaniya aeroport infratuzilmasini rivojlantirishga 80 mln dollar investitsiya kiritadi.