Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi 59-son ko‘zi ojizlar maktab-internatiga borib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi, deb xabar berdi bloger Aziza Qurbonova.

Prezident internatdagi har bir ustoz va o‘quvchiga birma-bir salom berib chiqqan va ular «assalomu alaykum» ni eshitiboq ichki sezgi bilan qo‘l uzatishdi.

O‘qituvchilardan biri nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyasini qayta hisoblash muddatini yoshartirish masalasini ko‘targan. Prezident bu masalada ijtimoiy adolat o‘rnatilishini aytdi.

Yana bir o‘qituvchi — Nigora Malikova esa o‘zi shu maktabni bitirgani, 2003 yilda Shavkat Mirziyoyev hokim bo‘lgan paytida bu yerga kelganini eslab o‘tdi.

O‘qituvchi ikkala farzandi ham shu yerda ekanini, o‘z farzandlari misolida boshlang‘ich sinflarda ko‘zi ojiz bolalar yaxshi ta’lim olishi kerakligi, buning uchun 2009 yildan buyon yangilanmayotgan brayl yozuvidagi ayrim o‘quv darsliklarini qayta ishlash zarurati haqida so‘zlagan. Aayol bu gapni prezidentga yig‘lab aytib berdi.

Prezident bunga munosabat bildirib, nafaqat maktab, oliy o‘quv yurtlari darsliklarini ham braylga ko‘chirish, kompyuter dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha ish olib borishini ma’lum qildi.

«Hech qachon ko‘zingizda yosh bo‘lmasin, mening bu yerga kelganim balandparvoz namoyish emas, sizni qiynayotgan muammolarni o‘zim bilgani va hal qilgani keldim», — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, davlat rahbari, 59-maktab-internat qoshida ko‘zi ojiz bolalar uchun maktabgacha ta’lim tashkiloti ochish bo‘yicha ham alohida topshiriq bergan.

«Daryo»ning yozishicha, davlat rahbari ushbu maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatda bo‘lib, u yerda o‘qiydigan uch nafar qizga oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga kirishi bo‘yicha qarorga imzo chekishini aytgan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev maktabning o‘qituvchilaridan biri bilan suhbatda bo‘lgan va uning qiziga pianino sovg‘a qilishini aytgan. Bundan tashqari, prezident u qizga ham oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishi bo‘yicha qarorga imzo chekishini ta’kidlagan.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov e’lon qilgan videoda Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: Sizlar oliygohni tugatgunlaringizcha, har bir yo‘nalish, sizlar egallagan kasb bo‘yicha har bir davlat idorasida ish o‘rni bo‘lishi kerak. Ana shunday hayotimiz mutlaqo o‘zgaradi va adolat deganda ana shu adolat bo‘ladi".

Avvalroq, prezident Samarqandga tashrifi davomida qariyb bitib, pardozlash ishlari olib borilayotgan Samarqand xalqaro aeroportiga tashrif buyurgandi.