2022−2023-o‘quv yilidan 1−2-sinf o‘quvchilari uchun “Ona tili va o‘qish savodxonligi” fanidan uyga vazifalar olib tashlanadi hamda ularni baholash bekor qilinadi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Respublika ta’lim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva ma’lum qildi.

Uyga vazifalarning olib tashlanishiga avvalo sabab ularning amalda samarasiz topshiriqqa aylangani, qolaversa, darslardan charchab borgan quyi sinf o‘quvchilari uyda ko‘proq dam olishlari lozimligi keltirilgan.

Qolaversa o‘quvchi bajarib kelgan uyga vazifalar yo‘l-yo‘lakay tekshirilayotgani yoki deyarli tekshirilmayotgani, o‘quvchi xato va yutuqlarini yetarli anglab olishi uchun vaqtning yetishmasligi hamda o‘quvchilar “a'lo” baho olish uchun vazifalarni ko‘r-korona ko‘chirib kelish holatlari ko‘paygan.

“Uy vazidalar baholanmaydi degani bu bola uyda umuman dars qilmaydi degani emas. Fan dasturiga ko‘nikmalarni shakllantiruvchi ayrim loyihaviy topshiriqlar kiritilgan. Ota-onasi va yaqinlaridan tegishli mavzularda ma’lumot olib kelish, do‘stiga tabrik xati yozish kabilar shular jumlasidandir”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, endi “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsligi orqali boshlang‘ich sinf o‘quvchilarga sinflar kesimida o‘qish tezligi bo‘yicha ma’lum miqdordagi so‘zni o‘qishi kerak degan talab qo‘yilmaydi. Boisi o‘quvchilar uchun matnni o‘qish tezligi emas, uni tushunish darajasi birlamchi ko‘rsatkich sanaladi.

Bundan tashqari, “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsligi bo‘yicha choraklik baholarni kundalik olingan baholarga qarab, yillik bahoni choraklik baholar asosida qo‘yish amaliyoti bekor qilinadi.

“2022−2023-o‘quv yilidan boshlab kundalik yig‘ilgan baholar choraklik bahoga ta’sir qilmaydi. Chunki kundalik baho rivojlantiruvchi ahamiyatga ega, choraklik baho esa erishilgan marrani tekshirish uchun xizmat qiladi. Bu ikki baholashni o‘zaro qorishtirish sifatga ta’sir qiladi”, — deya ta’kidlangan brifingda.

Respublika ta’lim markazi bahoga jazo yoki rag‘bat quroli emas, rivojlantirish vositasi sifatida qarash kerakligini qayd etdi. Bolalarni baho bilan qo‘rqitishni bas qilish, ularga imkon qadar past baho qo‘ymaslik, toki topshiriqni yaxshi bahoga bajarib kelmaguncha baholamay turish tavsiya qilindi.