Senatorlar yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunni muhokama qilishmoqda. Senat matbuot xizmati xabar berishicha, 8 fevral kuni qonun yuqori palataning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasida ko‘rib chiqilgan.

«Reklama to‘g‘risida»gi 30 ta moddadan iborat qonun 1998 yil 25 dekabrda (bundan 23 yil avval) qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunga qadar unga 15 marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Yangi tahrirdagi hujjat «reklama obyekti», «nomaqbul reklama», «axloqsiz reklama», «yashirin reklama», «homiylik» kabi yangi tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikatsiya tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda.

Yangi qonun bo‘yicha telekanallarda davomiyligi 10 daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda quyidagilar taqiqlanmoqda:

  • taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi;
  • olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, xuddi shuningdek alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vositalarining ta’siri haqidagi hikoyalaridan iborat bo‘lgan tavsiyalardan foydalanish taqiqlanmoqda.

Qonunda voyaga yetmaganlarni ularning ishonchi va tajribasi yetishmasligini suiiste’mol qilishdan himoya qilish tartibi ham alohida belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari tomonidan ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, televideniye, radio, bosma OAV, telekomunikatsiya tarmoqlari va internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatiladigan reklamaga qo‘yiladigan talablar batafsil ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun ayni paytda Senat qo‘mitalarida hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokamalardan o‘tkazilmoqda.