Qarshi davlat universitetida ekologlar qarshiligiga qaramasdan daraxtlar kesib tashlangani ortidan 6 nafar mas’ul xodimlarga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov xabar berdi.

Avvalroq, Davlat ekologiya qo‘mitasi Qarshi davlat universiteti hududidagi 38 tup daraxt noqonuniy kesilganini tasdiqlagandi. O‘sha vaqtda universitet daraxtlarni kesish uchun ruxsat so‘rab viloyat ekologiya boshqarmasiga 3 marta murojaat qilgan va har safar javobini olgan.

Qo‘mita kesilgan daraxtlar tufayli o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 267 mln 543 ming so‘mni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

Hozirda universitetning 6 xodimiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi (daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish) 1-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. O‘rganishlar natijasida mazkur holatda tabiatga 285 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.

Misol tariqasida, yanvar o‘rtalarida Andijon viloyati perinatal markazida 12 tup daraxt kesib tashlangani haqida yozgan edik. O‘shanda O‘zbekiston Ekologiya davlat qo‘mitasi «dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, hududdagi daraxtlarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan. Mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan», — deb ma’lum qilgan edi.