Shavkat Mirziyoyev Samarqandga jo‘nab ketdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga jo‘nab ketdi. Tashrif doirasida yangi inshootlar qurilishi bilan tanishish rejalashtirilgan.

Foto: Samarqand xalqaro aeroporti martda foydalanishga topshiriladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifini xalqaro aeroportdan boshladi. 83 mln dollarlik loyiha qariyb yakuniga yetib qolgan, hozirda yangi terminal to‘liq tiklanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Soatiga 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi terminal martda foydalanishga topshiriladi.

Toshkentda harakatlanish tezligi 60 km/soatgacha pasaytiriladi — prezident

Prezident Toshkentda avtomobil harakati tezligi 60 km/soatgacha pasaytirilishi kutilayotganini ma’lum qildi.

sentabrdan 1−2-sinflarga «Ona tili va o‘qish savodxonligi» fanidan uyga vazifa berilmaydi

2022−2023-o‘quv yilidan 1−2-sinf o‘quvchilari uchun «Ona tili va o‘qish savodxonligi» fanidan uyga vazifa berish va baholash bekor qilinadi. Qolaversa, ushbu darslikdan yillik bahoni choraklik baholar asosida qo‘yish amaliyoti tugatiladi. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga tez o‘qish talabi qo‘yilmaydi. Respublika ta’lim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva yangi tartiblar bo‘yicha tushuntirish berdi.

Prezident Samarqandda tuman hokimlari, MB boshqarmasi rahbari va bir nechta amaldorni ishdan bo‘shatdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumani hokimi va IIB boshlig‘i, Nurobod tumani hokimi, Oqdaryo tumani prokurori va IIB boshlig‘i, Markaziy bank Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi rahbari va viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari va boshqa amaldorlarni ishdan bo‘shatdi. Ularning ba’zilariga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha jinoiy ish ochilishi mumkin.

Foto: Prezident Imom Buxoriy va Islom Karimov qabrini ziyorat qildi

Samarqandga tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoyev an’anaga ko‘ra, Imom Buxoriy va Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Unga muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hamda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamrohlik qildi. Qolaversa, davlat rahbari Imom Buxoriy majmuasi qurilishi bilan ham tanishdi. Bu yerda qariyb 10 ming kishilik masjid, 4ta minora, ayvonlar, yerostida galereyasi barpo etilmoqda.

Samarqanddagi ko‘zi ojizlar internatining to‘rt o‘quvchisi OTMlarga imtihonsiz qabul qilinadi — prezident

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi 59-son ko‘zi ojizlar maktab-internatining to‘rt o‘quvchisi OTMlarga imtihonsiz qabul qilinishini ta’kidladi. O‘qituvchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyasini qayta hisoblash muddatini yoshartirish hamda 2009 yildan buyon yangilanmayotgan brayl yozuvidagi ayrim o‘quv darsliklarini qayta ishlash zarurligini aytdi. Prezident esa ushbu masalalar hal etilishini ma’lum qildi.

«Toshkentga tramvayni qaytarmoqchimiz» — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga tramvay qaytarilishini ma’lum qildi. Davlat rahbari tramvay bo‘yicha fuqarolardan ko‘plab xatlar va murojaatlar kelayotganligini ta’kidlagan.

Behzod Musayevga pandemiya uchun ajratilgan mablag‘lar sarflanishi yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi

2021 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun davlat budjetidan jami 4,2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. SSV 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi mablag‘lar nimaga sarflanganini ochiqlamagan. Vazirlar Mahkamasi va Moliya vazirligi hisobotlarida ham bu ma’lumotlar o‘z aksini topmagan. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevga parlament so‘rovi yubordi.

Rossiya qishloq xo‘jaligi ishlariga O‘zbekistondan 1100dan ortiq migrantni jalb etadi

Rossiya hukumatining migrantlarni ishga jalb qilish bo‘yicha pilot loyihasiga ko‘ra, mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi ishlariga 1108 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari jalb qilinadi.

Toshkentdagi eski shaharda 2 ta art-rezidensiya yaratiladi

Toshkentdagi eski shaharda joylangan «Matkarimboy» madrasasi va «Hast Imom» mahallasidagi sobiq bolalar bog‘chasi binosida art-rezidensiyalar tashkil etiladi. Loyihani Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Alisher Usmonov nomidagi jamg‘arma ko‘magida amalga oshirmoqda.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olish yoshi 23 yoshgacha uzaytirildi

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endi o‘quvchilar va talabalar o‘qishi davomida 23 yoshgacha boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olishi mumkin (ilgari 18 yoshgacha bo‘lgan). Qolaversa, bolani parvarishlash ta’tilining ish stajiga qo‘shiladigan davri 6 yil etib belgilandi (ilgari 3 yil edi).

Yanvar oyida so‘m kursi 0,8 foizga mustahkamlandi

Yanvar oyida so‘mning real samarali almashuv kursi indeksi 2021 yil dekabr oyiga nisbatan 0,8 foizga mustahkamlandi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davriga nisbatan 5,4 foizga, 2018 yilning iyuniga nisbatan 6,3 foizga o‘sgan. So‘m kursining o‘sishiga savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslarining qadrsizlanishi sabab bo‘lgan.

Chinoz hokimining birinchi o‘rinbosari $40 ming pora bilan ushlangani aytilmoqda

Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari qo‘shni tumanda joylashgan fermerga qarashli sug‘oriladigan 35 gektar yerni hokimlikda ishlaydigan tanishlari orqali 90 ming dollar evaziga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lganligi aytilmoqda. Shundan 40 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan JKning 229−6-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi.

40 ga yaqin daraxt kesilgani uchun Qarshi davlat universitetining 6 nafar xodimiga nisbatan ish ochildi

Qarshi davlat universitetida 38 tup daraxt noqonuniy kesilganini ortidan muassasaning 6 nafar xodimiga nisbatan daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish moddasi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Ular tabiatga 285 mln so‘m miqdorida zarar yetkazgani aytilmoqda.

Qashqadaryoda tuman markaziy poliklinikasi bosh shifokori pora bilan ushlangani aytilmoqda

Qashqadaryoda tuman markaziy poliklinikasi bosh shifokori tibbiyot birlashmasiga qarashli avtoturargoh hududidan 20 sotix yer ajratish evaziga 2000 dollar so‘raganlikda gumon qilinmoqda. U shundan 500 dollar va 10 mln so‘mni o‘z xizmat xonasida olayotganda ushlangan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

11−12 fevral kunlari ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatiladi — O‘zgidromet

O‘zgidromet 11−12 fevral kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida shamol sekundiga 17−22 metrgacha kuchayib, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishini ma’lum qildi.

Akademik Edvard Rtveladze olamdan o‘tdi

Akademik, arxeolog-olim, tarix fanlari doktori, professor Edvard Rtveladze 80 yoshida olamdan o‘tdi. Rtveladze Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatining ulkan qatlamlarini o‘rgangan, Oks Aleksandriyasi shahrini topgan.

«Gazeta.uz» da e’lon qilingan maqolalar:

Hamma SCOPUS`da maqola chiqarsin!

Bir necha yillardan buyon ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, universitet o‘qituvchilari hamda doktorantlardan Scopus va Web of Sciences xalqaro ma’lumotlar bazalarida indekslangan jurnallarda maqolalar chop etish talab qilinmoqda. Ularsiz doktorantlar attestatsiyadan o‘tmaydi, o‘qituvchilar esa ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinadi. Nima uchun bu talablar asosli emas va bu mahalliy ilm-fan rivojiga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatadi — «Gazeta.uz» kolumnisti, faylasuf va antropolog, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Valeriy Xan bu haqda fikr yuritadi.

Toshkentda ko‘p qavatli uylar qurilishi qanday o‘zgardi?

Toshkentda ko‘p qavatli uylarning aksariyati — 632 tasi 1966 yil — kuchli zilzila sodir bo‘lgan yilda qurilgan. Uylarning aksariyati ikki qavatli, ko‘pi yog‘ochdan qurilgan. Keyingi cho‘qqi 2019 yilga to‘g‘ri keldi — shaharda 463 ta uy paydo bo‘ldi, ular asosan yetti qavatli bo‘lib, g‘ishtdan qurilgan. Hokimlikning Raqamli rivojlanish departamenti shahardagi 100 yillik qurilishlarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.