O‘zbekistonning 1500 tadan ortiq mahallasida markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yilmagan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qildi. Yig‘ilishdan tayyorlangan reportaj O‘zbekiston24 telekanalida efirga uzatildi.

Ta’kidlanishicha, Qashqadaryoda — 317 ta, Qoraqalpog‘istonda — 208 ta, Buxoroda -190 ta, Samarqandda — 167 ta, Surhondaryoda — 130 ta, Toshkent viloyatida — 131ta, Jizzaxda — 126 ta, Namanganda — 109 ta, Navoiyda — 61 ta, Andijonda — 44ta, Xorazmda — 37 ta, Farg‘onada — 11 ta, Sirdaryoda — 4ta, poytaxda esa 5 ta mahallada markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti mavjud emas.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«2 mingga yaqin bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalari markaziy ichimlik suvi tarmog‘iga ulanmagani bois suvni tashib kelishga majbur. 30 yil bo‘ldi mustaqil bo‘lganimizga, lekin mana shu narsalar hozir ham bor. Qanday og‘ir bo‘lmasin buni ham o‘zimiz tan olib, agar bugun yechimini topmasak, odamlar ancha qilnalayapti», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti 60 foizdan kam. G‘uzor, Dehqonobod, Koson, Sherobod, Angor, G‘allaorol va Xatirchi tumanlarida bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmaydi.

Mazkur muammolar yechimi uchun prezident kelgusi besh yilda bu sohaga 40 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, ichimlik suvi ta’minotini 90 foiz, oqova suv qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bunga 2022 yilning o‘zida budjetdan 2 trillion so‘m ajratiladi, xalqaro moliya tashkilotlardan 245 million dollar jalb etiladi. Mablag‘ suv ta’minoti va sifati past hududlarga qaratiladi.

Shuningdek, viloyat hokimlari 1 oy ichida markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yo‘q maxallalarga borib, yil yakunigacha suv bilan ta’minlanishini tushuntiradi.

Suv bilan ta’minlash ishlari 3 xil yo‘nalishda bajariladi. Xususan:

  • Birinchidan, infratuzilmaga yaqin mahallalarga markazlashgan tarmoq tortiladi.
  • Ikkinchidan, yerosti suvi yaqin va toza bo‘lgan joylarda quduq qazilib, suv inshooti quriladi.
  • Uchinchi yo‘nalishga ko‘ra, quduq qazish va quvur tortish imkoni bo‘lmagan qishloqlarda katta sig‘imli hovuz barpo etilib, suv tashib keltiriladi.

Foto: Videodan lavha.

«O‘zsuvta’minot» AJning raisi vazifasini bajaruvchi Sohib Saifnazarovning 3 yo‘nalishli loyihani shunday izohladi: «Birinchi yo‘nalishda yer osti suvlar bor hududlarda mahalla bilan birga shu joyda hashar yo‘li bilan quduq qaziladi va tarmoq tortiladi. Ikkinchi yo‘nalishda ijtimoiy buyurtma — nodavlat-notijorat tashkilotlar ishtirok etadi, ularga davlatdan loyihaning bir qismiga pul beriladi. 2-qismi esa aholi o‘z mablag‘i bilan shu loyihada qatnashadi. Loyiha amalga oshgach esa tarmoqning suv tizimini aholining o‘zi boshqaradi. Uchinchi yo‘nalishda markaziy suv ta’minoti tarmog‘i yoki yerosti suv ta’minoti bilan ta’minlanishi mumkin bo‘lmagan joylar — 200 ta mahalladan ko‘proq — ularga moshinalarda suv olib boriladi».

Shu vaqtgacha sohadagi loyihalar, asosan, «O‘zsuvta’minot»ning injiniring kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, endilikda tashkilotning hududlardagi injiniring kompaniyalari viloyat hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi.

«Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, pudratchilarni aniqlash va moliyalashtirishni ochish ham viloyatning o‘zida bo‘ladi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va „O‘zsuvta’minot“ aksiyadorlik jamiyati loyihalarga texnik talablarni belgilaydi, ekspertizadan o‘tkazadi hamda ekspluatatsiyasiga mas’ul bo‘ladi», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Qolaversa, bu ishlarga xususiy sektorni jalb qilish choralari ham belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Bunda suv inshootlari qurish, maxsus transport va uskunalar xarid qilish uchun kredit foizining 14 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi. Import qilinadigan uskunalar va texnikalarga bojxona bojlari bekor qilinadi. Xususiy sektor ishtirokidagi suv ta’minoti korxonalariga foyda, yer, mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz bo‘ladi. Mahallalarda xususiy suv ta’minoti xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda belgilanadi», — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda daryolar va yerosti suvlarini asrash masalasi ham muhokama qilingan. ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 8 mingta suv qudug‘idan 1 ming 500 tasi yaroqsiz. Oqibatda qariyb 800 ta mahalladagi 2 million aholining suv ta’minoti yomonlashgan.

Zomin, Nurota va Qo‘shrabot konlarida quduqlar qazish, Zarafshon va Chirchiq daryolari o‘zanidan qum-shag‘al olish nazoratsiz, pala-partish bo‘lgani sababli bu hududlarda yerosti chuchuk suvlari zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.

Shu bois, bundan buyon suv quduqlarini aniqlash va burg‘ilash ishlari faqat Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan bajariladi.Shu bilan birga, tuman suv ta’minoti tashkilotlariga sohadagi pullik xizmat turlarini belgilash vakolati va ular bo‘yicha tushumlar o‘tkaziladi. Ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, avariya holatlarini bartaraf etish hamda maxsus texnika xaridi uchun tuman va shahar budjetlaridan mahalliy «Suvta’minot» korxonasiga mablag‘ ajratish tizimi joriy etiladi.

Qolaversa, Buxoro, Jizzax, Guliston, Shirin, Yangiyer kabi 28 ta yirik va o‘rta shaharda kanalizatsiya tarmog‘i qamrovini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.