Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zbekistonliklarni koronavirusga qarshi vaksina olishga chaqirdi.

Vazirlik xabarida aytilishicha, 2022 yilning yanvar oyida Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga jami 8601 nafar bemor murojaat qilgan. Shulardan 6856 nafarini kattalar (80%), 811 (9%) nafarini homilador ayollar, 934 (11%) nafarini esa bolalar tashkil etdi.

Ma’lumotga ko‘ra, bemorlarning 8243 nafari — 96% koronavirusga qarshi vaksina olmagan. Kasallanganlarning 358 nafari, ya’ni 4,1 foizi COVID-19 ga qarshi emlangan. Vaksina olgan bemorlar orasida o‘lim holati qayd etilmagan, deyiladi SSV xabarida.

Vazirlikning ta’kidlashicha, vaksina olmagan bemorlarda kasallik og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechib, o‘lim holatlari ham kuzatilgan.

«Shundan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor yurtdoshlarimizni o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lib, koronavirusga qarshi vaksina olishga hamda buster doza bilan emlanishga chaqiradi», — deyiladi bayonotda.