Hozirda UzAuto Motors avtomobillarini yetkazib berishda oldindan to‘lov miqdorini pasaytirish borasida takliflar ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z Telegram kanalida xabar berdi.

Deputat ushbu taklif hukumatga kiritilishi rejalashtirilganini aytgan. U 2005−2011 yillarda UzAuto Motors («GM Uzbekistan» AJ) tomonidan yengil avtomobil yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan fuqarolardan o‘sha shartnoma nusxalarini @Kusherbayevga_murojaatbot bot manziliga yuborishni so‘ragan. «Ma’lumotlardan fuqaroning shaxsi egasizlantirilgan holda takliflarni asoslashda foydalaniladi», — deb qo‘shimcha qilgan deputat.

«Gazeta.uz» Rasul Kusherbayev bilan bog‘lanib, ushbu taklif bo‘yicha to‘liq ma’lumot oldi.

— Nima sababdan bu taklif olib chiqilyapti?

— Men bu masala bo‘yicha ikki yil avval materiallar chiqarganman. 1995 yilda qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra (PF-1154), 15% oldindan to‘lov asosida ham tovar xarid qilish mumkin deb ko‘rsatilgan edi. Oldindan to‘lovning eng kam miqdori 85 foiz emas edi. Shundan kelib chiqqan holda men 2020 yilda post yozgan edim.

1995 yilda qabul qilingan farmonning 1-bandi men post yozgan vaqtda o‘z kuchida bo‘lgan, lekin baxtga qarshi, yaqinda uni o‘zgartirishga ulgurishibdi. Katta ehtimol bilan, shu masalani ko‘targanimizdan keyin UzAuto`dagilarmi yoki uni qo‘llovchilarmi bilib qolishgan shekilli, o‘sha farmondan 15% oldindan to‘lov qilish mumkinligi to‘g‘risidagi bandni olib tashlashibdi (ushbu band 2021 yil 14 sentabrdagi prezident farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — tahr.). Agar bu o‘zgarish qonun orqali bo‘lganida edi, o‘z urnida bunga qandaydir ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardik. Afsuski, bu qonun emas, prezident farmoni bo‘lgani uchun biz bilmaganmiz.

Agar vaziyatdan qutilib chiqib ketaman deyiladigan bo‘lsa, shu hujjatlarni o‘zgartirib yuraverishlari mumkin, har ko‘yga solib. Lekin, asosiy masala shundaki, iste’molchilarga qulaylik yaratish yo‘lida xohish bormi, yo‘qmi? Agar xohish haqiqatdan bo‘ladigan bo‘lsa va iste’molchilarni hurmat qiladigan niyat bo‘lsa, ularga qulaylik yaratish yo‘lida ishlashi kerak.

Hali berilmagan, hali ko‘rsatilmagan xizmat, hali xarid qilinmagan tovar uchun oldindan to‘lov qilinishi, yuridik shaxs bo‘lmagan va jismoniy shaxslarga nisbatan bunaqa talab qo‘yilishning o‘zi zamonaviy dunyoda — bu judayam mantiqsiz va afsuslanadigan holat. Masalan, siz tovaringiz hali yetib keladimi yo‘qmi, qanaqa holatda bo‘ladi, buni ko‘rmay-bilmay turib, oldindan to‘lov qilishingiz kerak.

Keyin bu bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasiga ham murojaat qilganman. Nimaga bu bo‘yicha hukumatga taklif bermayabsizlar, iste’molchilar manfaati yo‘lida harakat qilish mumkin-ku degan maqsadda ularga masala qo‘yganman. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Bilishimizcha, yaqinda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi UzAuto avtomobillarini olishda boshlang‘ich to‘lovni kamaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqishmoqda ekan. Men ularga o‘zimda bor ma’lumotlar va takliflarni berganman.

— Necha foizga kamaytirilishi kutilmoqda?

— Mening shaxsiy fikrim, eng ko‘p oldindan to‘lov 50%dan oshishi mumkin emas.

Antimonopoliya hozircha aniq raqamni aytgani yo‘q. Ular balki oldindan aytishmas. Lekin mening fikrim shunday — eng ko‘pi 50%. Umuman aytganda, oldindan to‘lovga avans tariqasida qaraydigan bo‘lsak, 15%ning o‘zi yetarli. Chunki ilgarigi tartib bo‘yicha shunday edi.

Hozir shunga asoslovchi hujjatlarni to‘plash nuqtai nazaridan 2005−2011 yillar davomida shartnoma asosida avtomobil olganlardan shartnoma nusxasini jo‘natishni so‘radim. Bizdagi ma’lumotlar bo‘yicha aynan o‘sha davrda shartnoma bo‘yicha oldindan to‘lov 15% bo‘lgan va o‘sha vaqtdagi faktlar bo‘yicha 15% to‘lovning o‘zi yetarli bo‘lgan. Bu shartnomada ko‘rsatilgan.

— UzAuto Motors`ning xaridorlar bilan tuzgan shartnomalarni fuqarolardan so‘rab olish qonunga xilof emasmi?

— Bu davlat siriga kirmaydi. Agar fuqaro buni o‘z roziligi bilan beradigan bo‘lsa, qonun buzilishi yo‘q. Lekin savol to‘g‘ri, hozir UzAuto maksimal darajada bundan foydalanib, meni qonunni buzganlikda ayblashga harakat qilishi mumkin. Va bu birinchi marta emas. Shuni hisobga olib, shartnomadan egasizlantirilgan holda foydalaniladi. Agar fuqaro o‘zi rozi bo‘lgan holda shartnoma nusxasini beradigan bo‘lsa, hech qanaqa qonun buzilishi yo‘q.

Bu kabi shartnomalar — davlat xaridlari deysizmi yoki boshqa portallarda ham bor. Shuningdek, hatto sud qarorlari, sud hukmlari internetda ochiq holda qo‘yilayapti. Ya’ni, bu yerda shaxsga doir ma’lumotlar buziladi, degan narsa yo‘q. Shartnoma tomonlarning ixtiyori asosida tuzilgan hujjat. Bizlar faqat to‘lov foizi masalalariga aniqlik kiritish maqsadida buni so‘rayabmiz, xolos.

— Ushbu tayyorlanayotgan taklifga UzAuto tomonidan ham vakillar taklif etildimi, ularning ham fikrlari tinglandimi? Ular bu taklifni qanaqa qabul qilishlari mumkin?

— UzAuto bunga qarshi bo‘lishi aniq. Fikrimcha, ular iste’molchilar manfaati yo‘lidagi harakatlar, o‘zlariga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan narsaga hech qachon rozi bo‘lishmasa kerak. Biz buni avtomobillarga magnitola qo‘ymasdan sotish masalasida ham ko‘rdik. Oldindan to‘lov qilib qo‘ygandan keyin odamlarning qo‘lidan hech narsa kelmayapti. Afsuski, hukumat, davlat bunga shunday ko‘z yumib, qarab turibdi.

Endi, ochiq aytaman, bir nechta deputat bo‘lib bularga kuchimiz yetmayapti. Butun bir parlament birlashib, qandaydir harakat qilganida balki nimadir bo‘lar edi. Yoki fraksiya hech bo‘lmasa. Afsuski, bizni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p emas. Shuning uchun, qanaqadir imkoniyatlarni topib, iste’molchilarga bu adolatsiz muhit sharoitida hech bo‘lmasa imkoniyat eshigini ochib beraylik degan maqsadda shu boshlang‘ich to‘lovlarini 85 foizdan pasaytirish masalasini hal qilib bermoqchimiz.

UzAuto bunaqa takliflarni normal qabul qilmaydi. Chunki bular shunchaki osmondan kelib turgan, havodagi narsaga, ya’ni qilmagan ishi uchun oldindan pul olib, o‘rganib qolgan. Butun tizim shunga moslashgan. Shuning uchun bu [oldindan to‘lov miqdorini pasaytirish — tahr.] ularning zarariga ishlaydi. Chunki, oldindan kelib turgan 85% to‘lov pulini kamaytirishga kim rozi bo‘ladi?

Shuning uchun, bularni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumatning o‘ziga taklif kiritish rejalashtirilgan.

— Qonunchilik palatasi fraksiyalarida bu masala ko‘rilayaptimi?

— Yo‘q. Qonunchilik palatasi bunaqa masalalarni ko‘rmagan. Menimcha bundan keyin ham ko‘rmasa kerak. Bilmadim. Qonunchilik palatasida monopoliyaga qarshi kurashish bo‘yicha, raqobat to‘g‘risidagi qonunni o‘zgartirish masalasi ko‘rilishi mumkindir. Lekin hukumat avtomobil sohasida bergan imtiyozni bekor qilish masalasini Oliy Majlis ko‘rmayapti. Bilmayman ko‘radimi yoki yo‘qmi. Shaxsan men shu kunlar kelishiga ishonmayman.

— Avtomobil importi bo‘yicha bojxona bojini kamaytirish masalasi ham ko‘rib chiqilayaptimi?

— Bunaqa taklif doimiy kun tartibida turibdi va bu taklif borligini hukumat biladi. Biz bersak-bermasak ham kun tartibidagi birinchi raqamli masala bo‘lsa kerak. Lekin bunga siyosiy iroda yetmayapti, nazarimda. Ya’ni, uni qabul qilishga qatiy jur’at kerak.

Lekin buni birdan bo‘lmasayam, bosqichma-bosqich kamaytirib borish yo‘li bilan hal qilsa bo‘ladi. Qachonki [hukumatda] erkin bozor talabini tushunadigan iqtisodchilar, iste’molchilarni o‘ylaydigan iqtisodchilar ko‘paysa hal bo‘ladi.

Oldindan to‘lov miqdorini kamaytirish bo‘yicha harakatlar katta ishmasdir balki. Lekin mavjud vaziyatda hech bo‘lmasa shu yo‘l bilan yengillik qilish kerak iste’molchilarga, degan maqsadda buni qilmoqchimiz.