8 fevral kuni Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov maktab o‘qituvchilari ota-onalar oldida ta’lim sifatining pastligi uchun uzr so‘rashlari kerak bo‘lgan yig‘ilishlarni o‘tkazish tashabbusi shaxsan Marhamat tumani hokimi Boburjon Yo‘ldoshevga tegishli bo‘lganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokim har bir maktabda bunday yig‘ilishlarni o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan. Azizbek Mirkomilov hokimning shaxsan mazkur holat bo‘yicha munosabat berishini talab qilgan.

Azizbek Mirkomilov. Foto: XTV

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, viloyat hokimi Shuxratbek Abdurahmonov apparat yig‘ilishida birorta umumta’lim maktabi direktorlariga va o‘qituvchilariga intizomiy chora ko‘rish yoki ularni kamsitish mumkin emasligini qat’iy ko‘rsatib, ogohlantirgan.

«Shuni aytib o‘tish joizki viloyat hokimi o‘qituvchilarni e’zozlashi va doimiy ustozlarga ko‘mak berishini barcha andijonlik ziyolilari yaxshi biladi», — deyiladi xabarda.

Azizbek Mirkomilov bunday yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin emasligi haqida tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri hokim o‘rinbosarini ogohlantirganini ta’kidlab, bu tashabbus mudir tomonidan berilmaganligini aytdi.

«Mazkur holat yuzasidan menga ma’lum bo‘lganidan so‘ng, men viloyat hokimining o‘rinbosariga va tuman hokimiga mazkur mazmundagi yig‘ilishlar viloyat hokimining va ustozlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lishini aytganimdan so‘ng, yig‘ilishlarni o‘tkazilishi oldi olindi», — dedi viloyat ta’lim boshqarmasi rahbari.

U o‘z vaqtida yig‘ilishlar o‘tkazilishining oldini olmagani uchun va ustozlarni himoya qilmagani uchun barchadan uzr so‘radi.

«Ruhiyatingizga ta’sir qilgan bo‘lsa, uzr so‘rayman»

Marhamat tumani hokimi Boburjon Yo‘ldoshev o‘z videomurojaatnomasida o‘tgan yig‘ilishlarni «hamkorlik yig‘ilishlari» deb atadi.

Boburjon Yo‘ldoshev. Videodan lavha.

«Muhtaram prezidentimiz ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘tkazgan selektordan so‘ng viloyatimiz hokimi tomonidan tumanlarda, maktablarda qilinadigan ishlar bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan. O‘z o‘rnida, hech bir rahbar va o‘qituvchilarga chora ko‘rmaslik bo‘yicha aniq topshiriq berilgan», — deya ta’kidladi u.

«Marhamat tumanidagi ota-onalar va o‘qituvchilar hamkorligida o‘tkazilgan mana shu hamkorlik yig‘ilishidagi holatlar o‘qituvchilarning ruhiyatiga ta’sir qilgan bo‘lsa, men Marhamat tumani hokimi sifatida barcha ustoz va murabbiylardan uzr so‘rayman», — dedi Boburjon Yo‘ldoshev.

Tuman hokimi «barcha ustoz-murabbiylarni doimo qo‘llab-quvvatlab, ularga yelkadosh bo‘lib, ta’lim sifatini oshirish, yetuk insonlarni tarbiyalashda kamarbasta» bo‘lishini qayd etdi.

«Jazo choralari ko‘rilishini ta’minlayman»

Andijon viloyati hokimi Shuxratbek Abdurahmonov jamiyatda ko‘plab muhokamalarga va e’tirozlarga sabab bo‘lgan holat «ustoz — murabbiylarning sha’ni va qadr-qimmatini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat» ekanligini ta’kidladi.

«Ustozlarimizga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni davrda „ayrim“ rahbarlarning ma’naviyatsizligi va saviyasizligi kechirib bo‘lmas xatoni yuzaga keltirdi», — dedi u.

«Men Andijon viloyati hokimi sifatida mazkur holatni o‘z nazoratimga olib, meni boshchiligimda alohida ishchi guruh tuzildi. Aytib o‘tish joizki, ushbu xatoga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbarlarga qonunda belgilangan jazo choralarini ko‘rilishini ta’minlayman», — dedi Shuhratbek Abdurahmonov.

«Andijonda hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishlariga yo‘l qo‘ymayman, zero sizning oldingizda sharafli mehnatingizni qadrlagan holda ta’zimdamiz», — dedi u.