Buxoro viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov dam olish kuni o‘tkazgan yig‘ilishlar bo‘yicha holatni o‘rganib chiqdi.

6 fevral — dam olish kuni hokim Botir Zaripov Buxoro, Vobkent, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlarida mahallalar faollari va hokim yordamchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda viloyat hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat mehnat inspeksiyasi Yuqorida ko‘rsatilgan vaziyatlarda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganini aniqladi.

Natijada, Davlat mehnat inspeksiyasi rahbari tomonidan viloyat hokimi Botir Zaripov nomiga taqdimnoma kiritildi.

Bundan tashqari, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, dam olish kunlari ishga jalb etilgan xodimlarga ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi yoki xodimning istagiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish talabi qo‘yildi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Qashqadaryo hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani haqida yozgandi. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.