O‘zbekiston davlat qarzi darajasi bo‘yicha YAIMga nisbatan 38,9% ko‘rsatkich bilan eng xavfsiz ko‘rsatkichni qayd etgan mamlakatlar qatoridan joy oldi. Visual Capitalist tomonidan e’lon qilingan jahon qarzining mamlakatlar kesimidagi holatiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston jami 188 ta davlat orasida 153-o‘rinda bormoqda.

Ro‘yxat boshidan Yaponiya (256,9%), Sudan (210%) va Gretsiya (207%) o‘rin egallagan bo‘lib, mazkur davlatlar davlat qarzining YAIMga nisbati eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida yetakchilik qilmoqda.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida nisbatan yuqori davlat qarzi darajasi Qirg‘iziston (67,6%) hamda Tojikistonda (49,3%) qayd etilgan. Qozog‘iston va Turkmanistonda davlat qarzining YAIMga nisbati mos ravishda 25,2% va 27,0% ga baholanib, eng xavfsiz ko‘rsatkichlar safidan o‘rin olgan.

Jahon banki tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, davlat qarzining YAIMga nisbati uzoq muddat 77% dan yuqori holatda saqlanib qolsa, bu mamlakat iqtisodiyotining sekinlashishiga olib keladi. Ma’lumot uchun, 2020 yildan O‘zbekistonda davlat qarzining xavfsiz darajasi YAIMga nisbatan 60% etib belgilangan.

Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzi 2021 yilning 1 oktabr holatiga 25,3 mlrd dollarni (YAIMga nisbatan 38,4%) tashkil etgan edi. Moliya vazirligining 2022 yilgi «Fuqarolar uchun budjet» loyihasida 2022 yil yakuniga umumiy davlat qarzi 33,5 mlrd dollar yoki YAIMga nisbatan 45,2% ni tashkil etishi prognoz qilingan. 2022 yilda kutilayotgan budjet taqchilligining 66%i tashqi manbalar hisobidan qoplanishi mo‘ljallangan.

Fitch Ratings agentligi o‘zining yangi hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun xatarlar mavjudligi haqida ogohlantirib, mamlakat iqtisodiyotining kreditlash hisobiga yuqori o‘sish sur’atlari aktivlar sifatining yomonlashuvi va banklarning tashqi moliyalashtirish manbalariga qaramligining kuchayishi kabi risklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Jahon bankiga ko‘ra, COVID-19 rivojlanayotgan davlatlar qarz yukini so‘nggi 50 yillik davrdagi rekord darajaga olib chiqdi. Ayniqsa, past daromadli mamlakatlarda vaziyat keskin, sababi ularning yarmida pandemiyagacha bo‘lgan davrdayoq qarz bilan bog‘liq muammolar mavjud edi yoki qarz muammosi xavfi yuqori bo‘lgan.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, pandemiya ortga chekingan taqdirda ham, qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshib boradi va natijada qarz yuki uzoq vaqt mobaynida sezilib turadi. Bu, o‘z navbatida, tiklanishni sekinlashtirishi va boshqa rivojlanish maqsadlaridagi sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qilishi mumkin.