Prezident 8 fevral kuni «Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-122-son] qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjat bilan ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Qarorga ko‘ra:

  • IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi tuzilmasida Genetik tadqiqotlar va Shaxsning genom axborotini davlat ro‘yxatiga olish bo‘limlari tashkil etildi;
  • IIV ta’sischiligida o‘qotar, pnevmatik, gazli, signal beruvchi, sovuq, uloqtiruvchi va boshqa qurollar, ularning o‘q-dorilarini, maxsus vositalarni, o‘q o‘tkazmaydigan maxsus himoya vositalarini, elektroshok qurilmalari, pirotexnika buyumlari va portlovchi materiallarni sertifikatlashni amalga oshiruvchi davlat muassasasi tashkil etiladi;
  • ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga ekspert-kriminalistika sohasida shartnoma asosida ekspertlik, biometrik identifikatsiya, ilmiy-tadqiqot va axborot xizmatlarini hamda sohaga oid boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatish huquqini berildi;
  • maxsus ilmiy-texnik va intellektual salohiyatga ega shaxslarni mutaxassis yoki texnik ishchi sifatida ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga shartnoma asosida jalb etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga muvofiq, ekspertiza va tadqiqotlarning quyidagi yangi turlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi:

2022 yil yakunigacha:

  • video va fototexnika ekspertizasi, shu jumladan videoyozuvlarda qayd qilingan transportning harakatlanish tezligini aniqlash ekspertizasi;
  • elektr ta’sirli qurollar ekspertizasi;
  • gazli qurollar ekspertizasi;
  • gaz-havo aralashmasi va fizik portlashlar ekspertizasi;
  • transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlari portlashi ekspertizasi;
  • odam DNKsi biologik ekspertizasi;
  • maxsus texnika va transport vositalarini baholash ekspertizasi;
  • oziq-ovqat mahsulotlari ekspertizasi;

2023 yil yakunigacha:

  • raqamli ma’lumotlar bazasi ekspertizasi;
  • Internet tarmog‘ida bulutli servislar ekspertizasi;
  • fonoskopiya ekspertizasi.

2023 yil 1 yanvargacha shaxs, buyum va hodisalar to‘g‘risida olingan axborotlar bo‘yicha avtomatlashtirilgan kriminalistik axborot-qidiruv tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2023 yil yakunigacha sud-tergov faoliyatida ashyoviy dalil sifatida olingan sintetik turdagi giyohvandlik, shuningdek, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarining kimyoviy tarkibi bo‘yicha markazlashgan axborot-qidiruv tizimini yaratish choralari ko‘riladi.

2022/2023 o‘quv yilidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining bakalavriat dasturi bo‘yicha ta’lim tizimida «raqamli kriminalistika asoslari» fani o‘qitilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» poytaxt IIBBga tayanib, yanvar oyi boshidan Toshkentda IIV xodimlari elektroshokerlardan foydalana boshlagani haqida xabar bergandi. Faqatgina IIV tomonidan tasdiqlangan xodimlargina elektroshokerdan foydalanishiga ruxsat berilgan. Shuningdek, ular Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, buni tasdiqlovchi sertifikat ham olishgan.

Elektroshokerlar, elektrodubinkalar va elektroto‘pponchalar ichki ishlar organi xodimlariga yo‘l-patrul xizmatini va jamoat tartibini ta’minlash uchun beriladi.

Ichki ishlar organlari xodimi elektroshokerdan o‘ziga yoki fuqaroga qilingan hujumni qaytarishda, jinoyatni yoki huquqbuzarlikni to‘xtatishda, jinoyatga qo‘l urgan odamni hibsga olishga va yashirinishga urinishda, qo‘lga olingan fuqarolar va binolarni ozod qilishda hamda ommaviy tartibsizliklarni oldini olishda foydalanishi mumkin.