Taniqli olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Turg‘unpo‘lat Daminov 2022 yilning 6 fevral kuni 81 yoshida vafot etdi.

Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyev, Tanzila Narbayeva (Senat raisi), Nurdinjon Ismoilov (Qonunchilik palatasi spikeri), Abdulla Aripov (bosh vazir) va Bexzod Yo‘ldoshev (Fanlar akademiyasi prezidenti) ta’ziyasini e’lon qildi.

Turg‘unpo‘lat Daminov 1941 yil 25 aprelda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1964 yil Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Tibbiyot akademiyasi)ni tugatib, mehnat faoliyatini mazkur oliy ta’lim muassasasida stajyor-tadqiqotchilikdan boshladi. Keyinchalik aspiranturada tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.

2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi.

Zahmatkash olim o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat tibbiyot instituti dotsenti, kafedra mudiri, rektori (1990−2005 yy.), Toshkent pediatriya ilmiy-tekshirish instituti direktori (1983- 1990 yy.) lavozimlarida samarali mehnat qildi. Toshkent tibbiyot akademiyasida yoshlarga saboq berib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Turg‘unpo‘lat Daminov o‘z ilmiy faoliyatida induktorlarni bolalar kasalliklariga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, ko‘p yillik izlanishlaridan so‘ng yangi turdagi benzonal induktor amaliyotda qo‘llana boshlandi. Natijada, o‘tkir va davomli gepatit kasalligining surunkali shaklga o‘tmasligini ta’minlab beradigan asosiy preparat davolash jarayoniga samarali joriy etildi.

Turg‘unpo‘lat Daminov 6 ta darslik, 14 ta monografiya, 45 dan ziyod ilmiy-uslubiy qo‘llanma va tavsiyanomalar, o‘nlab maqolalar muallifi hisoblanadi. Uning bevosita rahbarligida 21 ta fan doktori va 45 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan.

U mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etib, Oliy Majlisi deputati sifatida samarali faoliyat olib bordi.

Akademik Turg‘unpo‘lat Daminovning mamlakat ilm-fanini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari hukumat tomonidan munosib e’tirof etilgan. U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan shifokor» faxriy unvoni, «Do‘stlik» va «El-yurt hurmati» ordenlari bilan mukofotlangan edi.

«Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Turg‘unpo‘lat Obidovich Daminovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi xabarda.