Xorazm viloyati Yangibozor tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi sobiq direktori M.J. 5 yilga qamaldi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Xorazm viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, unga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan qo‘zg‘atilgan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangibozor tuman sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud hujjatlariga muvofiq, 1973 yilda Urganch tumanida tug‘ilgan M.J. xizmat vazifasi davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining [7−2020/B-son] buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizomga asosan aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga subsidiya ajratish vakolati berilganidan foydalangan.

2021 yil 19 fevral kuni «RO`ZMAT BOZOR BOBO» ishlab chiqarish kooperativi rahbari E.R. markazga 67 nafar kooperativ a’zosiga subsidiya ajratib berishni so‘rab markazga murojaat qilgan. «Mansabdor uni pora berishga majbur etadigan sharoitga qasddan tushirib, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 122 mln 496 ming 100 so‘mlik subsidiya ajratilishi evaziga undan 1000 AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan», — deyiladi xabarda.

Kooperativ rahbari E.R. markazi direktoriga buncha puli yo‘qligini bildirgan. Shundan so‘ng, M.J. subsidiya ajratilgach E.R. dan mazkur pullardan bank orqali 10 mln so‘mni naqdlashtirib olib kelish talabini qo‘ygan.

Sud ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 15 iyun kuni soat taxminan 11:30 larda markaz rahbari o‘zining xizmat xonasida E.R. dan 10 mln so‘m pul mablag‘ini pora tariqasida olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.

JIB Yangibozor tuman sudi ish hujjati bilan tanishib, taraflar fikrini va guvohlar ko‘rsatmasini eshitib, sud hukmini e’lon qildi.

Sudlanuvchi M.J.ga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bilan aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qolaversa, JKning 45-moddasi qo‘llanib, u 2 yil muddatga davlat va davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum etildi.