8 fevral kuni Finance TCI «Kapitalbank» ustav fondidagi 3,85 foiz aksiyalar egasiga aylandi. Bu haqda Toshkent respublika fond birjasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Finance TCI Alisher Usmonovning USM xoldingining sho‘’ba korxonasi bo‘lgan «Telekominvest» bilan afillangan.

Rossiya kompaniyasi birja savdolari davomida qariyb 16,5 mln dona aksiyalar paketini sotib oldi, bu bank ustav fondining 3,85 foizini tashkil etadi.

Ayni paytda bank ustav kapitalining 61,54 foizi yoki 263,89 mln dona aksiyalar ushbu afillangan kompaniyalarga tegishli ekani ko‘rsatilgan. Ulardan 12,18% Finance TCI ulushiga, yana 49,36 foizi «Telekominvest» hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bundan oldin Finance TCI bankning ustav fondidagi 8,33 foiz aksiyalarni 108,45 mlrd so‘mga sotib olgandi.

2021 yilning oktabr oyida Oybek Tursunov o‘zida mavjud bo‘lgan 52,43 million dona aksiyadan tashqari «Kapitalbank»ning 112,49 mln dona aksiyasini ham sotib olgandi va bank afillangan shaxslar ro‘yxatiga kirgandi. O‘shanda uning ulushi 50 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bankning «Telekominvest» bilan shartnomadan so‘ng u 41,6 foizgacha pasaygan.

Birjada 2022 yilning 6 yanvaridan 18 yanvariga qadar «Kapitalbank» aksiyalar paketlari bilan 975,46 mlrd so‘mlik to‘qqizta bitim (har bir bitimda — 32,98 mln dona yoki bank ustav kapitalining 8,33 foizi), shu jumladan, 10 yanvarda «Telekominvest» qo‘shimcha 8,3 foiz aksiyalarni xarid qilgani qayd etilgan. Natijada, ushbu kompaniya aksiyalarning 25 foizi egasiga aylandi.

Avvalroq, prezidentning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov «Kapitalbank»ning afillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilgan edi. Uning o‘rniga ro‘yxat «Telekominvest» va unga qarashli Korus (Rossiya) kompaniyasi bilan to‘ldirilgandi.

Afillangan shaxslar — bank faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishga qodir jismoniy va yuridik shaxslar.