O‘zbekiston prezidentining «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2021 yil 6 dekabr kuni Nur-Sulton shahrida imzolangan O‘zbekiston hukumati bilan Qozog‘iston hukumati o‘rtasida energiya resurslarini o‘zbek-qozoq bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib o‘tishni birgalikda bojxona nazoratidan o‘tkazish to‘g‘risida bitimni tasdiqlash ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilanadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston tomonidan mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi to‘g‘risidagi tegishli bildirishnomani Qozog‘iston tomoniga yuboradi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishi ustidan o‘rnatilgan tartibda nazoratni ta’minlaydi.

Qarorning ijrosini nazorat qilish bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklanadi.

Qaror loyihasi muhokamalari 22 fevralga qadar davom etadi.