Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston kelgusida Ittifoq davlatiga qo‘shilishi mumkinligi haqida bildirgan fikri O‘zbekistonning faol jamoatchiligi orasida keskin munosabatni shakllantirdi.

«Lukashenkoning fantaziyalarini jiddiy qabul qilish shart emas»

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov o‘z navbatida Lukashenkoning O‘zbekiston haqidagi fantaziyalarini jiddiy qabul qilish shart emas, deya hisoblashini ma’lum qildi.

Siyosatchi o‘zining ushbu ta’kidini quyidagicha dalillaydi: «Belarusda o‘tkazilgan so‘nggi ijtimoiy so‘rovlar Aleksandr Lukashenkoning siyosatchi sifatidagi reytingi 25−30 foiz atrofida ekanligini ko‘rsatgan. Shu bilan birgalikda, so‘rovda ishtirok etganlarning 46% — «hech qachon Lukashenkoga ovoz bermasligi»ni ma’lum qilgan. Bugun ko‘plab rivojlangan davlatlar Lukashenkoni Belarus xalqi nomidan gapira olmaydigan shaxs deb hisoblaydi. Shuning uchun, bugungi kunda bu insonning O‘zbekiston haqidagi fantaziyalarini jiddiy qabul qilish shart emas».

«Zo‘ravonlik va tahdid ustiga qurilgan davlatlar qanchalar mustahkam ko‘rinmasin, mo‘rt bo‘lishini tarix ko‘p isbotladi»

«Milliy tiklanish partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Lukashenkoning gaplariga munosabat bildiribgina qolmasdan, yaqin 15 yilda O‘zbekiston o‘z rejalarida nimalarga e’tibor qaratishi lozimligini ham prognoz qildi.

«15 yildan keyin sobiq sovet respublikalari Rossiya atrofida birlashib, 350−400 million aholiga ega birlik quradilar… degan xulosaga kelishmoqda videodagi ikkovlon. Zo‘ravonlik va tahdid ustiga qurilgan davlatlar qanchalar mustahkam ko‘rinmasin, mo‘rt bo‘lishini tarix ko‘p isbotladi. Ushbu rejalar teskari to‘lqin yaratishi va sovet imperiyasini tiklamoqchi bo‘layotganlar hududida yangi davlatlar paydo bo‘lishi ehtimolini kuchaytiradi. Bu esa, albatta, mintaqada jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy silkinishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Yaqin 15 yillik rejalarimizda ushbu ehtimol ko‘zda tutilishi kerak», — deb yozib qoldirgan Alisher Qodirov.

«Ikkitasi o‘tirvolib, O‘zbekiston taqdirini muhokama qilishibdi»

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Lukashenkoning gaplariga munosabat bildirar ekan, Qozog‘istondagi voqealar fonida ham u O‘zbekistonni ogohlantirib, saboq chiqarishga chaqirganini eslaydi. «Endi bular yana navbatdagi axborot hujumini uyushtirishibdi. Maqsad ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bir amallab eski imperiyani tiklab olish va hammani yagona davlatga birlashtirish», deb yozadi huquqshunos.

Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z postida Belarus prezidenti va undan intervyu olgan Vladimir Solovyovni «kun bo‘yi mahallani boshida o‘tirib, o‘tganni ham, ketganni ham muhokama qiladigan, mahalladagi hammaning oilaviy va shaxsiy hayotiga burnini tiqib, birovlar uchun qarorlar qabul qiladi, buni qilasan, uni qilasan, deb aql o‘rgatadigan kampirlar»ga o‘xshatgan.

Bloger o‘z postida Lukashenkoni Belarus prezidenti emas, «Belarus fuqarosi» deb qayd etgan. Xushnudbek Xudoyberdiyev Solovyov oldindan rejalashtirilgan va aniq maqsad sari yo‘naltirilgan savolni berganligini, Lukashenko ham shu savolni kutganligi va oldindan tayyor bo‘lganini ta’kidlagan. «Aha, yoqmay qolsin. Gap yangi SSSR haqida ketmoqda. Bu Rossiyaning azaliy orzusi-ku», — deydi bloger.

«Bu ikkovlon suhbat jarayonida yagona armiya, yagona pul birligi va yagona mudofaa chegarasi haqida ham gapirishgan. Eng kulgilisi, „biz bunga majburmiz, chunki g‘arb bizga umumiy dushman ekanligini ko‘rib turibmizku“, deyishgan. Rossiya va Belarus shaxsiy junni aralashtirib yubormayaptimi, mabodo?», — deydi u.

Xudoyberdiyevning fikricha, ilgari bunday fikrlar yashirin da’vatlar orqali aytilgan bo‘lsa, endi «surbetlarcha ochiq targ‘ibot va ba’zi joylarida tahdidga o‘tilmoqda».

«Ular tushunmayaptiki, O‘zbekistonning o‘z tanlagan yo‘li va prinsiplari bor. O‘zbekiston u xoh sharq bo‘lsin, xoh g‘arb bo‘lsin, boshqa davlatlar bilan teng sheriklikdagi o‘zaro manfaatlar yuzasidan hamkorlik qiladi. Xudo xohlasa, doim shunday bo‘lib qoladi. Rossiya va Belarus esa o‘zining AQSh hamda Yevropa bilan bog‘liq muammolari, sanksiyalarini o‘zi hal qilsin. Bizni bunga aralashtirmasin. Va bizning taqdirimizni biz uchun hal qilishni ham yig‘ishtirishgani ma’qul. O‘zbekiston taqdirini o‘zbek xalqi hal qiladi, ilohim, boshqalarga kunimiz qolmasin», — deb yakunlaydi o‘z fikrini huquqshunos.

«Lukashenko yana o‘sha hunarini qilyapti»

Adliya vazirining maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova Lukashenkoning O‘zbekiston ittifoq davlat tarkibiga baribir qo‘shilishi haqidagi fikriga munosabat bildirar ekan, Belarus prezidenti yana «o‘sha hunarini qilayotganini» bildirgan.

«Bitta o‘zim bu yerda o‘tiraveramanmi, boshqalar ham kirsin ittifoqqa deyapti yonboshlavolib Kremlning propagandachisi Solovevga. U ham yayrab ketyapti. Aytishicha, biz baribir qo‘shilarkanmiz, «soyuz» tiklanarkan, bu kishimning to‘liq baxti uchun shu yetishmay turganmish. Qachongacha «batka» Mustaqilligimizni tahqirlovchi, kamsituvchi, bizning davlatchiligimizga tahdid bo‘lgan bu kabi so‘zlarini aytaveradi va biz jim o‘tiraveramiz?

Vazir maslahatchisi ushbu masala bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirishini so‘rab, vazirlikka murojaat qilgan.

«Nimadir qilasizlarmi yo bo‘ynimizni egib, sukut alomati rizo deb o‘tiraveramizmi? O‘tgan gal gapirganida prezident aniq-tiniq qilib tashqi siyosatimiz yo‘nalishini ko‘rsatib berdi-ku, shunga tayanib nimadir qilish, norozilikni bildirish, bunday gaplarga toqat qila olmasligimizni aytish qiyinmi?», degan bloger.

«Ishonch kerak ertamizga, mustaqilligimiz bardavomligiga. Beringlar shu ishonchni, munosib diplomatik javob qaytaringlar bu odamga», — deya yakunlagan o‘z so‘zini Soatova.

Lukashenkoning oxirgi bayonotlari rasmiy Toshkentga o‘ta jiddiy signal bo‘lishi kerak

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Belarus prezidenti Lukashenkoning O‘zbekiston haqidagi gaplariga munosabat bildirar ekan, «bu chiqish Toshkentga o‘ta jiddiy signal bo‘lishi kerak», deya ta’kidlagan.

Kamoliddin Rabbimov Lukashenkoga ta’rif berar ekan, uni «Putin komandasining ancha yalqov „himoyachisi“ bo‘lganini, biroq Belarusdagi ommaviy namoyishlar ko‘p narsani o‘zgartirganini, keyingi bir-ikki yilda, Lukashenko asosiy „hujumchiga“ aylanganini, bugun postsovet hududidagi Putindan keyingi ikkinchi „integrator“, „ittifoq mafkurachisi“ maqomini olganini» bayon etgan.

Rabbimovning ta’biricha, Lukashenko O‘zbekistonga «suvereniteting o‘zingda qolaversin — seni ichki ishlaring, iqtisodiyoting, ijtimoiy muammolaring bilan shug‘illanishga bizni toqatimiz yo‘q! Lekin, mustaqillliging bo‘lmaydi: tashqi siyosatda, geosiyosatda Putin nazoratida bo‘lasan!» demoqda. Ya’ni, O‘zbekistonga murojaat qilib, «geosiyosatdagi sening ko‘p vektorli siyosatingni umri oz qolayapdi! Qarshilik qilmay, bo‘ysunishga tayyor tur!» demoqda.

«Lukashenkoning bayonotidan bilish mumkinki, Kremlda sobiq ittifoqni yangi formatda qayta tuzish borasida yaxshi o‘ylangan loyihalar mavjud. Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi — iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti emasligi, geosiyosiy nazorat va boshqalarga geosiyosiy qarshi turish loyihasi ekanligi, oldindan ma’lum edi. Lekin, Lukashenkoning oxirgi bayonotlari, rasmiy Toshkentga o‘ta jiddiy signal bo‘lishi kerak. Illyuziyalarga, o‘zini yupatishga mutlaq o‘rin qolmadi», — deb yozgan siyosatshunos.