Banklarning jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan moliyaviy xizmatlarini o‘z ichiga olgan axborot portali ishga tushirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Tijorat banklarining xizmatlaridan foydalanishda jismoniy shaxslar o‘zlariga maqbul va foydali moliyaviy xizmatni tanlash uchun qulayliklar yaratish maqsadida www.bankxizmatlari.uz axborot portali ishga tushirildi.

Ushbu portal foydalanuvchilari tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslar uchun taklif etilayotgan moliyaviy xizmatlar, jumladan kreditlar, omonatlar, valyutalarni ayirboshlash, xalqaro pul o‘tkazmalari va boshqa xizmatlarni izlashi, ular haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.

Bundan tashqari, moliyaviy xizmatlarni o‘zaro taqqoslash hamda dastlabki hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beradi.


Ushbu axborot portali notijorat va ijtimoiy loyiha bo‘lib, quyidagilarga xizmat qiladi:

  • tijorat banklari moliyaviy xizmatlarining yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
  • kunlik eng yaxshi takliflar bilan tanishish;
  • tanlangan shartlarga mos, qulay moliyaviy xizmatlar to‘plamiga ega bo‘lish;
  • ️iste’molchining vaqtini tejash;
  • ️moliyaviy xizmatlar ommabopligini va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish.

Axborot portali test rejimida ishga tushirilgan bo‘lib, kelgusida foydalanuvchilardan kelib tushadigan takliflar va e’tirozlar asosida yanada takomillashtirilib borilishi ma’lum qilindi. Veb-sayt hozirgi kunda test rejimida ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin hukumat qarori bilan 1 iyuldan aholi yo‘llardagi nosozliklar, svetofor va yo‘l belgilari o‘rnatilmagani haqida foto va videomurojaatlarni «Shaffof yo’l» platformasi orqali xabar berishi mumkin. Ichki yo‘llarni ta’mirlashga oid takliflar ovoz berish yo‘li bilan tanlab olinadi. G‘olib takliflar bo‘yicha yo‘llarni ta’mirlashga har yili mahalliy budjetdan mablag‘ ajratiladi.