Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limida sodir etilgan moliyaviy qonunbuzilish holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, vazirlikning ichki audit xizmati va Hisob palatasi bilan hamkorligida Andijon shahar XTBda o‘tkazilgan audit davomida 2020−2021 yillarda 43 mlrd so‘mdan ortiq moliyaviy qoidabuzarliklar aniqlangan.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan Xalq ta’limi bo‘limi 2018 yil 1 noyabrdan 2020 yil 1 noyabrgacha bo‘lgan davri birlamchi hujjatlar asosida taftishdan o‘tkazilgan. Shunda xodimlarga hisoblangan ish haqiga nisbatan 33,8 mlrd so‘m naqd pullar Xalq ta’limi bo‘limining mas’ul xodimlari tomonidan bankdan ortiqcha olinib, markazlashgan buxgalteriya kassasiga kirim qilinmasdan o‘zlashtirib yuborilganligi aniqlangan.

To‘plangan materiallar huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, moliyaviy qonunbuzilishlar bo‘yicha tergov jarayonida aniqlangan summa 57 mlrd so‘mgacha ko‘payib, boshqarmaning sobiq boshlig‘i Sunbula Eraliyeva va XTBning amaldagi rahbari Nuriddin Bazarovlarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergovga jami 40 ga yaqin kishi jalb qilingani aytilmoqda.

Sunbula Eraliyeva 2019 yil dekabridan 2020 yilning 13 iyuniga qadar shahar XTBga rahbarlik qilgan, 2020 yil yozidayoq voqealar markazida bo‘lgan. Tarmoqlarda u Andijondagi maktab direktorlarini haqorat qilgan audioyozuv tarqalgandi. Shundan so‘ng, prokuratura ishni tekshirishni boshlagandi, biroq, tekshiruv natijalari bo‘yicha hech narsa xabar qilinmagandi.

Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2021 yilning 9 oyi davomida 728,8 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larining sarflanishida moliyaviy qoidabuzarliklar aniqlangan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 6 barobarga ko‘proq hisoblanadi.