Fusion Wealth Management (Gonkong) kompaniyasi menejeri Maykl MakGofi Respublika fond birjasida ro‘yxatga olingan «Qizilqumsement»ni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvni shaffof emas deb atadi. Bu haqda u Linkedin-sahifasida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi ishlayotgan investitsiya fondi va shaxsan o‘zi 2018 yil boshidan buyon sement zavodiga investor bo‘lib kelgan.

«O‘tgan yilning kuzida bo‘lib o‘tgan Toshkent investorlar forumidan so‘ng men O‘zbekistonga katta umid bog‘lagandim, biroq bu kabi kelishuv xususiylashtirish/islohot dasturini shubha ostiga qo‘yadi», — dedi u.

Maykl MakGofining fikricha, joriy bozor narxidan 20% chegirma bilan — 2021 yil oxiridagi har bir aksiya uchun taklif qilingan 6500 so‘m o‘rniga 4859 so‘m belgilash — «mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi».

«Firmani boshqarish imkoniyati juda qimmatga tushadi. Mana shuning uchun ham bu kabi oldi-sotdilar odatdagi kotirovka qilinayotgan/sotilayotgan narxlardan ancha yuqori qiymatlarda sodir bo‘ladi. Bu yerda hammasi aksincha. Xarid qilayotgan firma «Qizilqumsement»ni bozor narxiga nisbatan katta chegirma bilan olmoqda», — dedi investor.

Maykl MakGoufi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sabablari haqida so‘raydi: «Nega ular shartnomani bozor narxidan ancha pastroqqa tasdiqlashmoqda?»

Menejer «hatto bozor narxi ham past edi» deb hisoblaydi. Yil oxirida yopilish bahosi (birjadagi savdo sessiyasi yopilishidagi oxirgi bitim) 6500 so‘mni tashkil etdi, «Qizilqumsement» aksiyalari har tonnasi uchun 65 dollarga baholandi (EV/tonna uslubi bo‘yicha — kompaniya qiymatining har tonna quvvatiga nisbati), bu yangi zavodlardagi bir tonna quvvat uchun 150−200 dollarning yarmidan ham kamroq.

Investor, shuningdek, kelishuvning shaffof emasligini va boshqa kompaniyalar yuqori narxni taklif qilishga tayyor bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidladi.

«Sotuv men va men suhbatlashgan boshqa investorlar uchun mutlaqo kutilmagan hodisa bo‘ldi. Rasmiy autsion yoki «Qizilqumsement»ni sotish jarayoni haqida men ham, ular ham eshitmaganmiz. Faqat davlat ulushi sotuvga qo‘yilgan. Taxminlarga ko‘ra, Turkiya, Pokiston, Rossiya va Xitoy firmalari aksiyalarning nazorat paketini bozor narxlaridan yuqoriroq narxda sotib olishdan manfaatdor. O‘zbek Coca-Cola`si sotuvi qanchalik ochiq bo‘lganini hisobga olsak, shaffoflikning yo‘qligi juda hayratlanarli», — dedi u.

Bu kelishuv sohadagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiladi, deb hisoblaydi Maykl MakGofi.

«Kelishuvdan so‘ng yangi egalar O‘zbekiston sement quvvatlarining qariyb 50 foizini nazorat qiladi. Bu ham mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘p sonli ishlab chiqaruvchilarning mavjudligi raqobatni rag‘batlantirish va raqobatbardosh narxlarni ta’minlashga yordam beradi. Sement rivojlanayotgan mamlakat uchun juda muhimdir. Uning narxi o‘rtacha bo‘lishi kerak. Hech bir firma muhim xomashyo bozorining bunchalik katta qismini nazorat qilmasligi kerak», — dedi u.

Investor mazkur kelishuvni bozor va xususiylashtirish jarayonining oldinga siljishi uchun yomon o‘rnak deb atadi, chunki «bunday chegirmalar yopiq eshiklar ortida berilsa, bozor narxining hech qanday ahamiyati qolmaydi»: «Rasmiy savdo jarayonlari bilan o‘ralashishning nima keragi bor u holda?»

Bundan tashqari, «Katta to‘rtlik»dan o‘rin olgan Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan bitimning ma’qullanishi investorda savollarni keltirib chiqardi.

«Auditor/konsultantlar kelgusida ko‘proq kelishuvni qo‘lga kiritish uchun bitimni imzolaydilar. Bu AQSh reyting agentlik va kompaniyalari past sifatli derivativlar bilan ular qulab, jahon moliyaviy inqirozini keltirib chiqargunlaricha ishlashda davom etganlariga o‘xshaydi», — deya ta’kidladi menejer.

Uning fikricha, bu kelishuv oxir-oqibat mamlakat tavakkalchiligi va obro‘sini qayta baholashga olib keladi.

«2017 yilning noyabrida Toshkentga qilgan safarimdan so‘ng men ko‘plab sarmoyador hamkasblarimga O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirib berdim. O‘zbekistonda aqlli odamlar ko‘p. Men — fanatman. Ammo bu kelishuv meni baholash va qo‘llab-quvvatlashda adashgandirmang deb o‘ylashga majbur qiladi», — dedi u.

«Gazeta.uz» Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga murojaat qildi, biroq maqolani e’lon qilish vaqtida tezkor javob ololmadi. Tahririyatning Monopoliyaga qarshi qo‘mitasiga yanvar oyidagi so‘rovi ham javobsiz qolmoqda.

23 dekabr kuni Davaktiv qoshidagi UzAssets investitsiya kompaniyasi sement zavodini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani va arizalar qabul qilish yakunlayotgani haqida xabar qildi (keyinchalik xabar «qabul qilingan takliflarni o‘rganishni yakunlaydi» deb tahrir qilindi). Birja ishtirokchisi «Gazeta.uz»ga arizalar qabuli ochilgani haqida xabar bo‘lmaganini aytdi.

31 dekabr kuni UzAssets «Qizilqumsement» AJ davlat ulushi (86,92 foiz) United Cement Group (UCG)ga 1,89 trln so‘mga (Markaziy bank kursi bo‘yicha 174,7 mln dollar) sotilayotgani haqida xabar berdi. Deloitte konsalting kompaniyasi bitim bo‘yicha moliyaviy maslahatchi sifatida ishtirok etdi va shuningdek, oldi-sotdi shartnomasini tayyorlashni qo‘llab-quvvatladi. Davlat aksiyalari paketini baholash Grant Thornton, qo‘shimcha huquqiy yordam esa Dentons tomonidan amalga oshirildi.

UzAssets bitim qiymati «sohada yaqinda o‘tkazilgan shunga o‘xshash bitimlar darajasidan sezilarli darajada oshib ketgan"ini qayd etdi.

Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan UCG bunga qadar Markaziy Osiyoda uchta sement zavodiga egalik qilyotgan edi: ikkitasi O‘zbekistonda («Quvasoysement» va «Bekobodsement»), bittasi Qirg‘izistonda (Kant sement zavodi). Guruh, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada bir qator boshqa yirik aktivlarga ega.