Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlarga murojaat qilib, ularni poytaxtdan faqat qonuniy yo‘l bilan, elektron onlayn-auksion orqali yer sotib olishga chaqirdi.

Hokim 2021 yil iyun oyida tadbirkorlik subyektlari qurish uchun yer uchastkalarini faqat elektron onlayn-auksion orqali berish tartibini belgilovchi prezident qarori imzolanganini eslatib o‘tdi. Shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer maydoni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati ham bekor qilingan.

«Shunga qaramasdan, joylarda hanuzgacha yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilmalarni qurish, yengil qurilmalarni o‘rnatish, avtobus bekatlari o‘rnida hech bir ruxsatsiz savdo do‘konlarini qurish kabi salbiy holatlar ko‘plab uchramoqda», — deyiladi murojaatda.

«Ayniqsa, bunday qurilmalarning aholi yashash massivlari ichida, yo‘lning himoya hududlarida, katta bosim ostida bo‘lgan suv, gaz quvurlari o‘tkazilgan himoya hududlarida barpo etilishi holatlari aholi tinchligi va xavfsizligiga, tashqi muhandislik tarmoqlarini qisqa muddatlarda ta’mirlashga salbiy ta’sir qilmoqda», — deya qayd etildi murojaatda.

«So‘nggi vaqtlarda o‘zining tanishlari orqali yer olib berishni va’da qilayotgan yoki turli soxta „qarorlarni“ ko‘rsatib, kadastr hujjatini keyin hal qilib berishga ishontirib, yer sotib olishni taklif etayotgan shaxslar ko‘payib ketdi. Ularga ishonmang», — deya ta’kidladi Toshkent shahar hokimi.

«Tadbirkor mulkini buzish, unga zarar yetkazish bizning maqsadimiz emas. Ammo amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerda qurilgan bino va inshootlarning mulk huquqi e’tirof etilmaydi. Aksincha, ushbu yerni davlat zaxirasiga qaytarish uchun qurilgan binolar hech qanday kompensatsiya to‘lanmasdan buziladi hamda aybdor shaxslar jazoga tortiladi», — dedi u.

Bunda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini davlatga qaytarish, Yer kodeksiga muvofiq, hokimlarning qaroriga yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi, deya eslatdi Toshkent shahar hokimi. «Turli qonunga hilof yo‘llar va hujjatlarsiz olingan yerlar noqonuniy bo‘lib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrar hisoblanadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Poytaxtimiz aholisi va deputatlarimizdan ham o‘zlari yashayotgan hududlarda noqonuniy ravishda o‘rnatilayotgan yengil qurilma do‘konlar, fast-fud shoxobchalari va avtobus bekatlari o‘rnida qurilayotgan do‘konlar haqida o‘z vaqtida vakolatli idoralarga xabar berishlarini, atrofdagi voqeliklarga befarq bo‘lmasliklarini iltimos qilardim», — deya ta’kidladi poytaxt hokimi.

«Tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekansiz, o‘z mablag‘ingizni ehtiyot qilib, yer olish uchun auksionda ishtirok etib, yerning qonuniy egasi bo‘ling. Noqonuniy harakatlarga aralashib mablag‘ingizga kuyib qolmang, aldanmang, sarmoyangizni to‘g‘ri sarflang!» — deya xulosa qildi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Shuningdek, u tadbirkorlardan biznes uchun yer uchastkasi sotib olishdan oldin vakolatli organlarning mutaxassislari, malakali huquqshunoslar va advokatlardan maslahat olishini so‘radi.