2021 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlari oraliq maqsadli ko‘rsatkich darajasida shakllanib, 10 foizni tashkil etdi. Markaziy bank tomonidan “2021 yilning IV choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi"da ma’lum qilindi.

Bu oxirgi 5 yillikdagi eng yaxshi minimum ko‘rsatkich hisoblanadi.

Inflyatsion kutilmalar

Makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, joriy yilda Markaziy bank tomonidan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatining saqlab qolinishi ko‘zda tutilgan.

2021 yil dekabr oyi so‘rovlari natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari sentabr-noyabr oylaridagi o‘suvchi tendensiyadan keyin pasayish trendiga o‘tdi hamda mos ravishda 15,7 va 14,9 foizni tashkil etdi.

Manba: Markaziy bank

2021 yil oktabr-dekabr oylarida kelgusi 12 oy davomida narxlar yuqori darajada oshishini bildirgan respondentlarning ulushi qisqargan bo‘lsa, chorak oxirida respondentlarning 39 foizi kelgusi 12 oy davomida narxlar o‘tgan 12 oy darajasida oshishini bildirishgan. Aholi kelgusida narxlar oshishiga asosiy omil sifatida import tovarlari hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishini (35 foiz) keltirgan, deyiladi bayonotda.

Manba: Markaziy bank

Aholi vakillarida bo‘lgani kabi 2021 yil oktabr-dekabr oylarida kelgusi 12 oy davomida narxlar yuqori darajada oshishini bildirgan iqtisodiyot subyektlarining ulushi qisqargan bo‘lsa, chorak oxirida respondentlarning 36 foizi kelgusi 12 oy davomida narxlar o‘tgan 12 oy darajasida oshishini bildirgan.

Inflyatsiya kutilmalarining omillari ro‘yxatida valyuta kursining o‘zgarishi, yoqilg‘i mahsulotlari va transport xarajatlarining qimmatlashishi asosiy xatarlar sifatida qayd etilgan.

Manba: Markaziy bank

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yillik inflyatsiya prognozi 8−9 foiz darajasida shakllanishi kutilmoqda.

“2022 yil yakuniga qadar iqtisodiyotda saqlanib qolayotgan „nisbatan qat’iy“ pul-kredit siyosati, kredit qo‘yilmalari qoldig‘i o‘sishining nominal YAIM hajmi o‘sishiga mutanosib bo‘lishi, umumiy fiskal taqchillikning YAIMga nisbatan 3 foizgacha kamaytirish bo‘yicha amalga oshiriladigan choralar natijasi, shuningdek, iste’mol bozorida raqobat sharoitlarining yaxshilanishi hamda hukumat tomonidan inflyatsiyaning nomonetar omillarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yillik inflyatsiya ko‘rsatkichini prognoz doirasida bo‘lishiga xizmat qiladi”, — deyiladi Markaziy bank sharhida.

Avvalroq, 2022 yilgi budjet loyihasida inflyatsiya darajasi 2022 yilda 9 foiz atrofida bo‘lishi kutilayotgani bayon qilingandi.

Kredit va depozitlar

Tijorat banklari tomonidan 2021 yilda iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar 2020 yilga nisbatan 31 foizga o‘sgan bo‘lsa, kreditlarning qaytuvchanlik darajasi sezilarli darajada yaxshilanib, 71 foizga yetdi. Shuningdek, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar 42 foizga o‘sib, aholining iste’mol va ipotekaga bo‘lgan talabini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.

Shuningdek, banklar tomonidan milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha taklif etilayotgan o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari dekabr oyida jismoniy shaxslar uchun 20,2 foizni, yuridik shaxslar uchun 15,1 foizni tashkil etib, mos ravishda inflyatsion kutilmalarga nisbatan ham ijobiy tafovut hosil qildi. Bu o‘z navbatida, so‘mdagi jami muddatli depozitlar hajmining o‘tgan yilda 1,5 barobarga, shundan, jismoniy shaxslarnikini — 1,7 barobarga o‘sishiga xizmat qildi.

2021 yilning so‘nggi oylarida milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining ham muvozanatlashuvi kuzatilib, yil boshidan kuzatilayotgan 20−22 foizlik koridor doirasida bo‘lgani qayd etildi.

Xususan, dekabr oyida milliy valyutadagi qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,2 foizni va uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha 20,5 foizni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin 2022 yilning yanvar oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,9 foizni, yillik nisbatda esa 9,8 foizni tashkil qilgani haqida xabar berilgandi.