O‘zbek so‘mining real samarali ayirboshlash kursi indeksi 2021 yilning IV choragida 2,9 foizga mustahkamlandi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan “2021 yilning IV choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi"da ma’lum qilindi.

Bunga so‘m kursi va savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlarning valyutalari, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardagi inflyatsiya kabi bir necha faktorlar ta’sir ko‘rsatgan.

Valyuta kurslari

2021 yil davomida O‘zbekistonning savdo hamkorlari valyutalari AQSh dollariga nisbatan ko‘p yo‘nalishli dinamika ko‘rsatdi.

Rossiya rubli 0,6 foizga qadrsizlandi. sentabr-oktabr oylarida u neft narxining ko‘tarilishi va xom ashyoga bo‘lgan talabning tiklanishi tufayli biroz mustahkamlanganligini ko‘rsatdi, ammo yil oxiriga kelib yana pasaydi.

Turk lirasi 2021 yilda 81 foizga qadrsizlandi. Turkiya Markaziy banki mamlakatdagi yuqori inflyatsiya, import hajmining o‘sishi oqibatida joriy hisobvaraq taqchilligi va IV chorakda turizm daromadlarining mavsumiy pasayishiga qaramay, asosiy stavkani mart oyidagi 19 foizdan dekabrda 14 foizga tushirilishi hisobiga shunday holat kuzatildi.

Qozog‘iston tengesi jahon neft narxlari o‘sishi fonida ham dollarga nisbatan 2,6 foizga qadrsizlandi. Qozog‘iston valyutasining zaiflashishiga asosiy sabablardan iste’mol talabining kechiktirilishi fonida importning o‘sishi va iqtisodiy faollikning tiklanishi hamda rivojlanayotgan bozorlardan kapitalning chiqib ketishi bo‘ldi.

O‘zbekistonning asosiy hamkorlari orasida Xitoy yuani yagona mustahkamlangan valyuta bo‘ldi. Xorijiy investitsiyalar oqimining qayta tiklanishi va eksport sur’atlarining oshishi hisobiga 2,8 foizlik o‘sish ta’minlangani aytildi.

Inflyatsiya

Asosiy hamkorlar orasida Turkiya inflyatsiya bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi — 36,1% (2002 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich). Bunda transport, oziq-ovqat va ichimliklarning qimmatlashishi hamda mehmonxona va restoran xizmatlari narxining sezilarli o‘sgani muhim rol o‘ynadi. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, inflyatsiya o‘sish sur’atlari 2022 yilda 9,8 foizgacha, 2023 yilda esa 8 foizgacha sekinlashadi.

Rossiya va Qozog‘istonda inflyatsiya 12 oy ichida, asosan, oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining qimmatlashishi hisobiga 8,4 foizgacha tezlashdi. Bu yil Rossiya banki inflyatsiyani 4 dan 4,5% gacha, Qozog‘iston Milliy banki 6−6,5% darajasida bo‘lishini prognoz qilmoqda.

O‘zbekiston hamkorlari orasida Xitoyda inflyatsiya eng yaxshi natijani qayd etdi — 1,5%. Bunga yuqori xomashyo narxlarini barqarorlashtirish va energiya ta’minotini yaxshilash borasidagi chora-tadbirlar yakuniy natijaga unchalik ta’sir ko‘rsatmadi. Kelgusi yillar uchun prognoz 2−2,2 foizni tashkil qiladi.

Nima uchun bu muhim?

Spot nashrining yozishicha, Rossiya va Turkiyadagi vaziyat bilvosita so‘mning kursiga ta’sir qiladi. Masalan, 2020 yilda Rossiya rubli 19,3 foizga, turk lirasi esa 25 foizga arzonlashgan. Bu va boshqa tendensiyalar so‘mning real samarali ayirboshlash kursining shakllanishida o‘z ifodasini topmoqda.

Rossiya rublining biroz mustahkamlanishi ham Rossiyadagi eksportchilarning daromadlariga, shuningdek, Rossiyadan transferlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu valyuta tushumining o‘sishiga yordam berdi.

Biroq Turkiya prezidenti Rejep Erdog‘anning asosiy kursni yanada pasaytirish niyatini hisobga olsak, turk lirasining devalvatsiyasi bu yil ham davom etishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Kuchsiz lira Turkiya bozorida O‘zbekistondan eksport qilinadigan mahsulotlarni qimmatlashtirmoqda, shuningdek, Turkiyadan keladigan tovarlar tannarxini pasaytiradi.

2021 yildan buyon Turkiya O‘zbekistonda yangi qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha yetakchiga aylanganini inobatga olsak, O‘zbekistonga keladigan tovarlar tannarxi tushishida muhim hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvvalroq Markaziy bankning 2022 yil uchun inflyatsiya prognozlari haqida xabar berilgandi.