2022 yildan boshlab Rossiyaning O‘zbekiston, Qozog‘iston va yana 14 davlatdagi savdo vakolatxonalarida «raqamli diplomatlar» paydo bo‘ladi, deb yozadi «Kommersant’» Rossiya hukumatiga tayanib.

Yangi xodimlar Rossiya IT-mahsulotlarini chet elda targ‘ib qiladi. Shuningdek, ular Rossiyaning IT-kompaniyalariga konsalting va huquqiy yordam ko‘rsatadilar.

«Raqamli diplomatlar» institutini yaratish 2021 yil sentabr oyida tasdiqlangan Rossiya IT-sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ro‘yxatiga kiritilgan. Birinchi bosqichda ular 16 mamlakatda paydo bo‘ladi — yuqoridagilardan tashqari, Germaniya, Hindiston, Eron, Turkiya, BAA va boshqa davlatlarda.

Bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Chernishenkoning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil oxirigacha «raqamli diplomatlar» 28 davlatda ish boshlaydi. Ular oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, qabul qiluvchi davlat tilini va savdo sohasidagi qonunchilikni bilishi, shuningdek, IT-sohasini tushunishi kerak.

Spot nashrining yozishicha, ishga qabul qilish Raqamli rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Sanoat va savdo vazirligi Rossiya axborot texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi bilan birgalikda «raqamli diplomatiya» ishi uchun javobgar ekani aytildi.

«Russoft» Rossiya ishlab chiquvchilari assotsiatsiyasi 2020 yil uchun Rossiyadan IT-mahsulotlar eksportini 7 mlrd dollarga, xorijdagi ofislar savdosini hisobga olgan holda — 8,6 mlrd dollarga baholadi. 2021 yilda o‘sish, xususan, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo hisobiga taxminan 20 foizni tashkil qiladi.

«Umuman dunyoda IT`ga bo‘lgan ehtiyoj ortdi, bizning xizmatlar va mahsulotlarimiz rubl devalvatsiyasi tufayli yanada daromadliroq bo‘ldi», — dedi «Russoft» rahbari Valentin Makarov.

U bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashini aytdi, biroq eksport hajmini yiliga 2−3 foizdan ko‘proqqa oshirish uchun bu bilan biznes vakillari shug‘ullanishi kerakligini ta’kidladi. Ish haqiga qo‘shimcha ravishda, ularni sotish foizi bilan rag‘batlantirish muhim, deya qo‘shimcha qildi Makarov.

«Raqamli diplomatlar» yuqori texnologiyalar sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga yordam beradi, dedi sobiq Raqamli rivojlanish bo‘yicha vazir Konstantin Noskov.