Taniqli telejurnalist Xayrulla Nuriddinov «O‘zbekiston 24» telekanalidagi yangi «Menimcha» ko‘rsatuvida TikTok tarmog‘i haqida gapirib o‘tdi.

«TikTok`ni yomonotliq bo‘lib qolayotganining sababi unda ba’zan, yumshoq aytganda nodon, qattiq aytganda esa ota-onasining boshiga balo bo‘ladigan betavfiq yigit-qizlarning bemaza qiliqlari chiqib qolyapti», — dedi u.

Jurnalist shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, samarqandlik yigitlar ko‘chada yo‘lovchini tepkilaganligi va ko‘chaning o‘rtasida osh yegan yigitning videotasvirlarini misol qilib keltirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi holatlarni ko‘rgan jamiyatning «g‘azabi junbushga kelyapti», biroq bunga TikTok aybdor emas.

«TikTok — bu maydon. Shu maydonga chiqib likillayotganlar kimligi — bu endi boshqa masala. TikTok`ning ijobiy tomoni ko‘p. Qanchadan-qancha iste’dodli yoshlar ko‘pchilikning qo‘lidan kelmaydigan ajabtovur narsalarni tarmoqqa olib chiqishyapti. Bu bilan boshqa yoshlarga namuna bo‘lishyapti aslida», — dedi jurnalist.

TikTok`ni yomonotliq bo‘layotganiga sabab, o‘sha yoshlarning ota-onasida, yoshlarga tarbiya yetishmayotganligida, deya ta’kidladi Xayrulla Nuriddinov.

«Agar kimningdir nazdida TikTok yomon ekan, keling uni yaxshi qilaylik, uni foydali qilaylik. Den Syaopin aytganidek, mushukning ranggi qorami, oqmi farqi yo‘q. Muhimi u sichqon tutishni bilsin», — deya aytib o‘tdi u.

Avvalroq, «Adolat» SDP O‘zbekistonda TikTok tarmog‘ini butunlay bloklashni taklif qilgandi. Partiya buni «yosh avlodning «tiktoker"lik vasvasasida olayotgan turli-tuman videolari orasida o‘zgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlarning ham ko‘payayotganligi» bilan izohlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning sentabrida «Milliy tiklanish» partiyasi ham TikTok tarmog‘ini bloklashni taklif qilgan edi. Dekabr oyida «TikTok Fest» shou-konserti bekor qilinib, Madaniyat vazirligi tadbir yoshlar ongi va dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan edi.

2021 yilning iyul oyida TikTok, Twitter, Skype, «V-Kontakte» va WeChat ijtimoiy tarmoqlari faoliyati cheklangan edi. Dekabr o‘rtasidan TikTok foydalanuvchilari tarmoq ochilishni boshlaganini ma’lum qilishgandi.

O‘tgan yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Yoshlar forumida Toshkent hokimi TikTok bloklanishi haqida fikr bildirgan edi.

«TikTok masalasi bo‘yicha bu bitta platforma u yerda kontentlari har xil. Hamma o‘ziga kerakli kontentni olib qaraydi. Lekin ming afsuski, taqiqni qo‘ygan odamlar keraksiz kontentga kirganligi ko‘rinib turibdi. Agar kerakli kontentlarga kirganda hech qanday platformani zarari yo‘q deb o‘ylayman» — degandi poytaxt hokimi.