Senat Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida parlament so‘rovi yuboradi. Bu haqdagi qaror yuqori palataning juma kuni bo‘lib o‘tgan 23-yalpi majlisida qabul qilindi.

Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farhod Boqiyev internet va ijtimoiy tarmoqlar axborot makonida inson dunyoqarashini o‘zgartira oladigan eng kuchli vositaga aylanganini ta’kidladi.


Farhod Boqiyev. Foto: Senat axborot xizmati.

«Chunki bir qarashda beozor tuyulgan ijtimoiy tarmoqlarlardagi maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni oxir-oqibat jinoyatgacha yetaklab borayotgani hayotiy haqiqat», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, «Wikipedia» internet ensiklopediyasiga O‘zbekistonning mashhur sportchilari va sport tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish ishlari Turizm va sport vazirligi tomonidan, o‘zbek adabiyoti va san’ati mumtoz namoyandalarining asarlaridan barchaning foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun veb-portal tashkil qilish vazifasi Madaniyat vazirligi tomonidan bu boradagi ishlar tizimli tashkil qilinmagan.

Bundan tashqari, bolalarni internetdagi turli axborot xurujlaridan himoyalashga qaratilgan elektron shaklda illyustratsiya qo‘llanmalari yaratish borasidagi ishlar sust olib borilmoqda.

Masalan, «Wikipedia» platformasida O‘zbekiston haqida ma’lumotlar to‘liqmasligi yoki ma’lumotlar eskiligi, ommabop onlayn platformalarda mamlakat haqidagi sifatli kontentlar kamligi oqibatida «yoshlar Internet jahon axborot tarmog‘idagi turli ma’naviyatga zid kontentlarga qiziqishi toboro ortmoqda».

«Oqibatda esa, mafkuraviy tahdidlar orqali aholining ma’lum bir qatlamlari, ayniqsa yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma’qul bo‘lgan yo‘nalishda o‘zgartirishga, axloqsizlik kabi buzg‘unchi g‘oyalarni singdirishga urinishlar bo‘lmoqda», — deya ta’kidladi Farhod Boqiyev.

Senator 8-sinf o‘quvchisi ko‘chada ketayotgan qariyani oyog‘i bilan ataylab tepib, voqea joyidan qochib ketganini misol qilib keltirdi.

«Biron bir sababsiz, shunchaki ijtimoiy tarmoq „yulduzi“ bo‘lish ilinjida qasddan yoshi ulug‘ insonga qilingan bunday xatti xarakatni xech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Afsuski bunday holatlar juda ko‘p sodir bo‘lmoqda», — dedi u.

Bugun «Facebook»da 4,7 mln, «Instagram» da 3,7 mln, «Telegram»da 18 mln, «Odnoklassniki»da 16,7 mln o‘zbekistonlik foydalanuvchilar mavjud. Internet tarmog‘idagi «.UZ» domenida ro‘yxatdan o‘tgan domenlar soni hozirgi kunda 98 mingtadan oshgan.


Grafika: Muqaddamxon Saidrasulova / «Gazeta.uz».

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, internet orqali tarqatilayotgan g‘arazli ma’lumotlar, ma’naviyatga putur yetkazuvchi turli buzg‘unchi g‘oyalar aholi o‘rtasida xavotir uyg‘otadi.


Senatorning ta’kidlashicha, «.UZ domenidagi saytlarda foydalanuvchilar tomonidan «milliy mentalitetga yot bo‘lgan, fuqarolar ongi, ruhiyati, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, boshqa manbalarga havolalar joylashtirish holatlari kuzatilmoqda. Shu jumladan, yoshlar ham axloqsizlik, buzuqlik, pornografiya, shafqatsizlik, zo‘ravonlik, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qilishga xizmat qilishi mumkin».

2021 yilning dekabr holatiga ko‘ra milliy domen hududidagi 289 ta veb-saytda behayolik va ma’naviy buzuqlik targ‘ibotiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlangan bo‘lib, 2097 ta qonunbuzarlik holati qayd etilgan, deya ma’lum qildi Farhod Boqiyev.

Senator televideniyeda namoyish etilayotgan serial va filmlardagi sahna ko‘rinishlari ham jamoatchilik tomonidan tanqid qilinayotganini ham qayd etdi.

Shuningdek, qimor (totalizator) va tavakkalchilikka asoslangan boshqa uyinlarni internet va ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzda uynashni taklif etuvchi turli reklamalar joylashtirish, bundan tashqari, jangari, vahshiylikni targ‘ib qiluvchi materiallr ko‘paygani natijasida, yoshlar va voyaga yetmaganlarning ushbu o‘yinlarga qiziqishi ortidan, turli xuquqbuzarliklar kelib chiqayotganini ta’kidlandi.

Respublikada 2021 yilda jinoyatlarning har beshinchisi yoshlar tomonidan sodir etilgan. Yoki bo‘lmasam, 2021 yilda 39 426 nafar fuqarolar (shundan 405 nafari voyaga yetmagan) ko‘cha va jamoat joylarida hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan buyumlar olib yurganligi aniqlangan. Shundan, hech qanday maqsadsiz 30 444 tasi pichoq, 438 tasi kastet, 592 tasi bita, 7952 tasi boshqa xavfli buyumlar olib yurishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida «ma’naviy buzuqlikni targ‘ib qiluvchi 130 ga yaqin guruh, sahifa va kanallar mavjudлиги aniqlangan bo‘lsa, ularda 2 646 ta material (foto, video, matnli va boshqalar) tarqatilgani senator tomonidan qayd etildi».

2021 yilning o‘tgan davri mobaynida «axloqsizlik, behayolikni targ‘ib qiluvchi 1650 ta veb-saytdan mamlakat hududida foydalanish belgilangan tartibda cheklangan bo‘lsa-da, biroq mamlakatimizda eng ommabop bo‘lgan „Telegram“ messenjerida o‘zbek auditoriyasiga qaratilgan, odob axloq talablariga mos kelmaydigan 35 ta faol kanalda 7 738 ta material tarqatilgan», — deyiladi senator ma’ruzasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, internet resurslari va ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilmagan.

Senat hisobotiga ko‘ra, madaniyat sohasida sodir bo‘layotgan voqealar tahlili shuni ko‘rsatadiki, badiiy filmlar, reklama (shu jumladan ko‘cha bannerlarida), musiqa va kliplarda «faqat pul, boylik va axloqsizlik targ‘ib qilinadi». Ayrim hollarda milliy ma’naviyatga mutlaqo zid bo‘lgan sahna ko‘rinishlari ko‘rsatiladi.

«O‘quvchi yoshlarning ongiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi kontentlar, diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, totalizatorlar, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib etadigan veb-resurslarga qarshi kurashish birgalikdagi ustuvor vazifa hisoblanadi», — dedi senator.

Senat raisi Tanzila Narbayevaning ishontirishicha, senatorlar «ma’lumotni cheklash g‘oyasidan uzoq». Uning fikricha, milliy kontentni rivojlantirish doirasida jamiyatni, ayniqsa, yoshlarni tezkor, xolis, sifatli va foydali ma’lumotlar bilan ta’minlash zarur.

«Shu bilan birga, axborot maydonida ham, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, qonun ustuvorligi bo‘lishi kerak», — dedi Senat raisi.