4 fevral kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasi birinchi marotaba OAV oldida yillik moliyaviy hisobot topshirdi.

O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra. tashkilotga 2021 yilda 15 mlrd 725 mln 200 ming so‘m pul kelib tushgan. Musobaqalar o‘tkazish uchun esa 16 mlrd 618 mln 788 ming so‘m mablag‘ sarflangan.

Taqdimotda qayd etilishicha, O‘zPFL 2021 yilda musobaqa ishtirokchilari uchun qatnashchilik badallari miqdorini ilk bor 40−50 foizgacha kamaytirgan. Qo‘shimchasiga, ayollar va futzal jamoalari ilk bor badal to‘lashdan to‘liq ozod qilingan. Buning natijasida tashkilotga 6 mlrd 300 mln so‘m badal pullari kelib tushgan. 1 mlrd 706 mln 300 ming so‘m debitor qarzdorlik hali undirib olinmagan.


Diyor Imomxo‘jayev taqdimot qilmoqda. Foto: O‘zPFL.

Qolaversa, PFL dastlab tashkil etilgan yillarda o‘z xarajatlarini to‘liq klublardan olinadigan badal pullari evaziga qoplab kelgan. Bugunga kelib tashkilot o‘z xarajatlarining qariyb 55 foizini o‘zi ishlab topmoqda, dedi O‘zPFL bosh direktori.

Bundan tashqari, liga 19 ta rasmiylar va 76 ta futbolchi legionerlaridan 2 mlrd 520 mln so‘m pul olgan. Bunda hali 460 mln debitor qarzdorlik ham mavjud.

«4 yil oldin legioner futbolchilardan ikki xil ko‘rinishda — 20 mln va 100 mln so‘m pul olingan. 100 mln so‘m PFL tomonidan ishlab chiqilgan talablarga javob bermagan futbolchilardan 100 mln so‘m olingan. Birinchi navbatda biz buni 50 mln so‘mga, o‘tgan mavsum 40 mln so‘mga tushirdik. Bundan tashqari, yana chegirmalarimiz bor. Misol uchun, agar futbolchi biror klubda ketma-ket ikkinchi mavsum to‘p so‘rayotgan bo‘lsa, bu pul 50 foizga qisqaradi. O‘zbekistonda shunaqa legionerlarimiz bor, 5 yildan buyon [bir klubda] to‘p surib kelayapti, unaqa futbolchilardan hech qanaqa pul olinmaydi», — dedi Diyor Imomxo‘jayev.

O‘zbekistonda hisobot yilida 19 nafar murabbiy va boshqa soha vakillari hamda 76 nafar xorijiy futbolchi faoliyat yuritgani qo‘shimcha qilindi.

2021 yilgi mavsumda PFL Coca-Cola, APEX Insurance, Epsilon, Madad Invest Bank va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik orqali homiylardan 9 mlrd 280 mln so‘m ishlab topgan. Xususan, musobaqalarning Eleven Sports orqali onlayn translyatsiya qilinishi natijasida PFL 2021 yilning o‘zida qariyb 36 ming yevro ishlab topgan.

Foto: PFL.

Shuningdek, o‘yin davomida buzilgan tartib-intizom, klublar o‘tasidagi kelishmovchilik janjallari uchun qo‘llangan jarimalar tufayli futbolchi, klub va rasmiylar 494 mln 500 ming so‘m pulni tashkilotga to‘lab bergan.

Imomxo‘jayevning ta’kidlashicha, oldingi yillarda kelib tushgan jarima mablag‘lari PFL faoliyatiga ishlatilgan. Endilikda, bu pullarni bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish uchun to‘laligicha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga o‘tkazib beriladi.

«Qaysidir futbolchi yoki murabbiy jarima to‘layaptimi, hech qachon ko‘ngli bezovta bo‘lmasin. Bu pulni hech kim ishlatmaydi. Bu pul ertaga ularning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan farzandlarining futbolini rivojlantirishga beriladi», — dedi Diyor Imomxo‘jayev.

Shuningdek, PFL bosh direktori O‘zbekistonda 2021 yildan tashkilot hakamlarga klublar maosh to‘lashi siyosatidan to‘liq voz kechganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, PFL ularni ro‘yxatdan o‘tkazib, naqdsiz shaklda pul to‘lagan.

«Avvalgi yillarda SuperLiga, ProLiga kabi katta musobaqalarga PFL pul to‘lab bergan. Qolgan kichkina musobaqalar va ayollarning juda ko‘p musobaqalarida klublar hakamlarga pul to‘lab kelgan. Bu juda hunuk holat. Ya’ni hakam o‘yinni bo‘shqaradi, keyin komandadan pul so‘rab turishi kerak. Buning g‘alatiligi shundan iboratki, biz badal puli olsak-u, biz faqat mana bu hakamlarga pul beramiz, qolganlarga o‘zingiz to‘lang deb turishimiz uyatdan boshqa narsa emas», — deya ta’kidladi PFL rahbari.

Diyor Imomxo‘jayev. Foto: O‘zPFL.

Ma’lum qilnishicha, endilikda yangi tashkilot — O‘zbekiston futbol hakamlari markazi ochilish arafasida turibdi. Unda respublikadagi barcha katta futbol musobaqalarini yagona qoidalar asosida olib boradigan hakamlar nazorat qiladi.

«Endilikda hakamlarimizning bordi-keldisi va mehmonxonalarda yashashlari ham o‘zimiz [PFL] tomonimidan qoplanadi. Birinchi navbatda, jamoalardan pul olmaydigan tashkilotga aylanib olishimiz, undan keyin jamoalarga pul beradigan tashkilotga aylanishimiz kerak», — deya ta’kidladi Diyor Imomxo‘jayev.

Taqdimot vaqtida musobaqalardagi to‘plar uchun 1 mlrd 481 mln so‘m, taqdirlash kuboklari uchun esa kuboklar olib kelinishiga ketgan xarajatlar bilan birga umumiy 710 mln 783 ming so‘m mablag‘ ajratilgani aytildi.

«Professional futbolchiga professional to‘p kerak. Bunaqa to‘plar esa bir milliondan ziyod turadi. Shuning uchun biz musobaqalar uchun to‘plarga 1 mlrd 481 ming so‘m pul ajratganmiz», — deya tushuntirdi Diyor Imomxo‘jayev.

Shuningdek, musobaqalar o‘tkazish, homiylar talabi bilan ishlash uchun 1 mlrd 640 mln so‘mdan ortiq pul sarflangan.

Jami ishchi xodimlar uchun 10 mlrd 599 mln so‘mdan ortiq pul evaziga gonorar, maosh, safar xarajatlari, ta’til, kompensatsiya, moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Bunda hakamlar, inspektorlar va komissarlarga to‘langan gonorar miqdori 5 mlrd 945 mln 278 ming so‘mni tashkil etgan.

Qolaversa, VAR tizimi uchun umumiy hisobda 726 mln so‘mdan ko‘proq pul ketgan. Shuningdek, futzal bo‘yicha mehmonxona va ovqatlanish xarajatlari, hakamlar gonorari, zal ijarasi va zalni jihozlash ishlari uchun PFL 854 mln 977 ming so‘m sarflagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘z PFL Adliya vazirligi tomonidan 2021 yil bo‘yicha «Eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari top-20» ro‘yxatiga kiritilgandi.