O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinda qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilishi doirasida bir qator davlatlar rahbarlari bilan uchrashdi.

«Tashrif bilan Pekinda bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan muloqot qildi», — deb yozdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Suratlarda Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi qolaversa, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqalar bilan muloqot o‘tkazgan.

Shavkat Mirziyoyev va Antoniu Guterrish.

O‘zbekiston prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan.

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi parlamenti spikeri Pak Byon Sok bilan.


O‘zbekiston yetakchisi 4 fevral kuni Pekindagi «Qush uyasi» milliy stadionida bo‘lib o‘tgan XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ham qatnashdi.

Shavkat Mirziyoyev va undan keyin qatorda RF prezidenti Vladimir Putin.

Marosim badiiy dasturi XXR Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan «Insoniyatning umumiy taqdiri hamjamiyati» konsepsiyasini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, Xitoy xalqining qadimiy tarixi va boy madaniyati, jahon iqtisodiyoti peshqadami sifatida erishayotgan ulkan muvaffaqiyat va yutuqlari, xalqaro olimpiya harakatining ruhi va qadriyatlarini aks ettirdi.


So‘ng Millatlar paradi bo‘lib o‘tdi. Qishki Olimpiadada ishtirok etayotgan mamlakatlarning sport delegatsiyalari, shu jumladan O‘zbekiston jamoasi stadion bo‘ylab yurdi. O‘yinlarda yurtimizdan qatanashayotgan tog‘ chang‘ichisi Komiljon To‘xtayev O‘zbekiston davlat bayrog‘ini tantanali ko‘tarib o‘tdi.


O‘zbekiston bayroqdori va mamlakat nomidan o‘yinlarda qatnashayotgan yagona vakil — tog‘ chang‘isi bo‘yicha sport musobaqalarida qatnashadi.