Odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi (ayol kishi) Birlashgan Arab Amirliklaridan deportatsiya qilindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

«Gumondor sotish va ekspluatatsiya qilish maqsadida, yaxshi haq to‘lanadigan ish va’da qilib, qizlarni BAAga olib borgan va u yerda ularning pasportlarini olib qo‘yib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilgan», — deyiladi xabarda.

Ayol O‘zbekistonni tark etgani bois unga nisbatan sudlanuvchi sifatida sirtdan qaror chiqarilgan bo‘lgan. U 2013 yildan beri Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

Bugungi kunga kelib Interpol MMB va Buxoro viloyati IIB xodimlarining muzokaralari va birgalikdagi tezkor harakatlari tufayli qidiruvda bo‘lgan ayol BAA huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 31 dekabr kuni O‘zbekistonda odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda gumon qilingan va qidiruvda bo‘lgan erkak Interpol tomonidan AQShda qo‘lga olingandi.