Markaziy Osiyo tarixi davomida turli asrlarda turli xil xalqlar, qabilalar va davlatlar mintaqa hududini zabt etgan. Miloddan avvalgi VI asrdan XX asrga qadar zamonaviy O‘zbekiston hududida yigirmadan ortiq davlatlar hukmronlik qilgan. Ular orasida Afrig‘iylar sulolasi boshqargan Xorazm davlati ushbu mintaqada o‘z hududida eng uzoq vaqt (600 yil) hukmronlik qilgan. «Gazeta.uz» geacron.com tarixiy xaritalar platformasi ma’lumotlariga tayanib, zamonaviy O‘zbekiston hududida hukm surgan davlatlar xaritasini to‘pladi.

Muhim: «Gazeta.uz» uшбu videoda taqdim etilgan davlatlar chegaralarida ayrim kichik noaniqliklar bo‘lishi ehtimolini inkor etmaydi. Zamonaviy O‘zbekiston hududida hukm surgan davlatlar haqida ma’lumotlar ochiq manbalardan olingan bo‘lib, material tarixshunos olim tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Quyida videoda keltirilgan ayrim davrlar va davlatlar haqida qisqa ma’lumotlarni o‘qishingiz mumkin.

Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda O‘zbekiston hamda qo‘shni hududlarda so‘g‘diylar, baqtriyaliklar, xorazmliklar hamda sak va massaget qabilalari yashaganlar.


Miloddan avvalgi VI asrda Markaziy Osiyoga forsiy Ahamoniylar davlati qo‘shinlari hujum qildilar. Kir II va Doro I hukmdorligi davrida Baqtriya, Xorazm va So‘g‘d forslar davlati tarkibiga kiradi.

Forslar hukmronligi miloddan avvalgi IV asrda Makedoniyalik Aleksandr tomonidan Gavgamella jangidan so‘ng to‘xtatildi. M.a. 329 yilda esa Aleksandrdan sharqqa, Markaziy Osiyoga qochib ketgan oxirgi Ahamoniylar shohi Doro III vafot etdi. Doroni ta’qib qilib, Aleksandr qo‘shinlari Ahamoniylarning sharqiy satrapiya (viloyatlari)lari Baqtriya va So‘g‘dni bosib oldi. Miloddan avvalgi 327 yilga kelib, Aleksandr mintaqada o‘z hokimiyatini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.

Aleksandr Makedonskiyning o‘limi (m.a. 323 yil) va uning yaqinlari (diadoxlar) o‘rtasidagi hokimiyatni egallash uchun bo‘lib o‘tgan qirq yillik urushdan so‘ng, Baqtriya va So‘g‘d Aleksandrning do‘sti va qo‘riqchisi, yunon qo‘mondoni Salavk tomonidan asos solingan Salavkiylar davlatiga qo‘shib olindi.

Miloddan avvalgi 250 yilda Baqtriya va So‘g‘diyona satrapi Diodot qo‘zg‘olon ko‘tarib, Salavkiylar hukmronligidan chiqdi va poytaxti Baqtra bo‘lgan Yunon-Baqtriya davlatiga asos soldi.


Miloddan avvalgi II asrda eroniy yuyechji qabilalari (toxarlar, da-yuechji) Baqtriyaga kirib kelib, Yunon-Baqtriya davlatini tugatishdi. Yuechji Baqtriyani beshta hokimliklarga ajratdi.

Milodiy I asr boshlarida Kushon sulolasi rahbari Kudzula Kadfiz I butun Baqtriyani birlashtirdi. U va uning merosxo‘rlari So‘g‘d va Xorazmning ayrim viloyatlari, shuningdek Farg‘ona va Chag‘aniyonni bo‘ysundirib, davlat yerlarini kengaytirib bordilar. Kushon shohi Vima Kadfiz II shimoliy-sharqiy Hindistonni egalladi. Kushon davlatining hududiy va iqtisodiy rivojlanishi Kanishka I hukmronligi davrida sodir bo‘ladi.

Kushon imperiyasi va Kangyuy kabi davlatlarning siyosiy maydondan yo‘qolishi antik davrni yakunlab berdi. Mintaqa tarixida erta o‘rta asr davrining (IV — VIII asrlarda) boshlanishi IV asrga to‘g‘ri keldi, ushbu davrda ko‘chmanchi qabilalar — kidariylar, xionitlar, eftalitlar va boshqalar sharq — shimoli-sharqiy hududlardan O‘rta Osiyoga ko‘chib kelishdi.

Ular ushbu hududning turli viloyatlarida joylashib, o‘z davlatlarini barpo qilishdi. Ko‘chmanchi qabilalar ichida eftaliylar — «oq gunlar» davlati eng qudratli davlatga aylandi. Ushbu davlat Baqtriya-Toxariston, So‘g‘d, Choch, Farg‘ona va Shimoliy Hindiston hududlarini o‘z ichiga olgan imperiyaga aylandi.

561−563 yillarda Turk xoqonligi Eron bilan eftaliylarga qarshi ittifoq tuzishdi. 565 yilda Naxshab (hozirgi Qarshi) jangida turklar g‘alaba qozonib, So‘g‘d xoqonlikka qo‘shib olindi. VI asrning oxiriga kelib, Turk xoqonligi butun Markaziy Osiyoni o‘z davlati tarkibiga qo‘shib oldi.

603 yili Turk xoqonligi ichki qarama-qarshiliklar natijasida G‘arbiy va Sharqiy turk xoqonliklariga bo‘linib ketdi. Qabila zodagonlari o‘rtasida kechgan qabilalararo urushlar oqibatida G‘arbiy turk xoqonligi 704 yilda parchalanib ketdi.

Bu vaqtga kelib, Arab xalifaligi Sharq tomon tobora kengayib, Sosoniylar imperiyasinining hududini 642 yilda butunlay bosib olishdi, Markaziy Osiyoga esa bosqinchilik qilib turishar edi. 705 yildan boshlab har yili Qutayba ibn Muslimning sharqqa yurishlari amalga oshirilib kelinardi. Shu yo‘l bilan Qutayba Arab xalifaligi hududiga yangi yerlarni qo‘shib boradi.

705 yildan arablar Markaziy Osiyo hududini muntazam ravishda bosib olishga kirishdilar. 707 yilda Buxoro vohasining bosib olinishi boshlandi. Buxoro qamali 709 yilgacha davom etdi va bir nechta hujumlardan so‘ng shahar zabt etildi.

X asrning oxirida Movarounnahrga Sharqiy Turkistondan turk-qoraxoniylar bostirib kelib, Somoniylar davlatining sobiq yerlarini o‘z hududiga qo‘shib oldi, biroq ma’lum vaqt Saljuqiy turklarga qaram bo‘lib qoldi.

XI asrning oxiridan boshlab Xorazmda turkiy Anushteginlar sulolasi dastlab Saljuqiylar vassallari, XII asrning ikkinchi yarmidan esa mustaqil hukmdorlar sifatida hokimiyatga keldi. Tez orada Anushteginlar bosib olgan yerlarda ulkan Xorazmshohlar davlati barpo etildi.

1215 yilda Chingizxon o‘zining 450 musulmon savdogar va bir necha o‘nlab mo‘g‘ul zobitlaridan tashkil topgan ilk savdo karvonini Xorazmga jo‘natdi. Ular O‘tror hukmdori Qayirxon tomonidan qo‘lga olindi va qatl qilindi.

1219 yilning kuzida Chingizxon armiyasi bilan Irtish qirg‘og‘idan g‘arbga yurish boshladi. Shu yilning o‘zida u Movarounnahrni bosib oldi. Ikki yil mobaynida mo‘g‘ullar Xorazmshohlarning deyarli barcha yerlarini vayron qilib, qo‘lga kiritdilar.

1370 yilda Amir Temur Turonning oliy amiriga aylandi. U hukmronligi davrida uchta mashhur yurushlarni amalga oshirdi: uch yillik (yaqin sharqqa yurish), besh yillik (Oltin O‘rda bilan urush), yetti yillik (Eronga yurish, Usmonli turklar imperiyasiga qarshi urush).

Temuriylar O‘zbekistonning hozirgi hududini XVI asr boshida Shayboniyxon qo‘shini bilan hududga kirib kelgunga qadar boshqargan. Shayboniylar (o‘zbek) sulolasi asoschisi Shayboniyxon Movarounnahrda Temuriylar davlatini egallab, Shayboniylar davlatiga asossoldi.

Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon 1533 yilda o‘z davlatining poytaxtini Samarqanddan Buxoroga ko‘chirdi. Shayboniylar davlati Buxoro xonligi deb ataldi, ammo 1785 yilda u amirlikka aylantirildi va 1920 yilgacha saqlanib qoldi.

XVIII asr boshlarida Buxoro xonligida markaziy hokimiyat ichki kurashlar oqibatida zaiflashdi. Tashqi xavf sabab 1709 yilda ming urug‘i vakillari Farg‘ona vodiysida hokimiyatni o‘z qo‘llariga oldilar. Shu tariqa, keyinchalik Qo‘qon xonligi deb atalgan yangi o‘zbek davlati vujudga keldi.

1865−1876 yillarda Qo‘qon xonligi, qisman Xiva xonligi va Buxoro amirligi hududlari Rossiya imperiyasiga qo‘shib olindi. 1867 yilda Turkiston general-gubernatorligi (1867−1917) tashkil etildi. Sirdaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari kabi uchta viloyatlar tashkil etildi, ular harbiy hokimlar tomonidan boshqarilgan.

1920 yilning fevral oyida Xiva xonligi va Buxoro amirligi qizil armiya tomonidan qo‘lga olindi va ularning o‘rniga Xorazm va Buxoro Xalq Sovet Respublikalari tashkil etildi. 1924 yilning sentabrida ushbu respublikalar O‘zbek va Turkman SSR tarkibiga kirgan. 1924 yil 27 oktabrda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etildi.

1956 yilda O‘zbek va Qozoq SSR chegaralari o‘zgardi, buning natijasida O‘zbekiston Respublikasining hozirgi chegarasi shakllandi. 1991 yilning 31 avgustida O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilindi.

O‘zbekiston tarixi haqida gapirar ekanmiz, Orol dengizi haqida ham to‘xtalib o‘tish lozim. Videoda O‘zbekistonning 2600 yillik tarixi qisqacha namoyish etildi, unda siz 2500 yildan ko‘proq vaqt davomida Orolning hajmi qanchalik yirik bo‘lganligini ko‘rishingiz mumkin. Ammo faqatgina oxirgi 50 yil davomida Orol yuzasining maydoni 88% ga kamaydi.