Prezidentning «Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi [PQ-111-son]. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjat bilan Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Poytaxt jamoat transportini 2025 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida:

  • yo‘lovchi tashishlar hajmida jamoat transportining ulushi 21 foizdan 43 foizga oshiriladi;
  • jamoat transportida kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 2,7 million yo‘lovchiga yetkaziladi;
  • jamoat transportining harakatlanishidagi oraliq vaqti 2 barobarga kamaytiriladi;
  • 1 063 ta avtobus, 673 ta elektrobus xarid qilinadi.

Shuningdek, Toshkent shahar jamoat transporti sohasida xususiy sektor ulushi 2 barobarga oshiriladi.

Velosipedlarni ijaraga berish va ular uchun maxsus turar joylar tashkil etiladi hamda «aqlli chorraha», «aqlli avtobus» va «aqlli bekat» tizimlari joriy etiladi.

Jamoat transporti harakat tarkibi zamonaviy, ekologik toza avtobuslar, jumladan elektrobuslar bilan yangilanadi.

«2023 yil 1 yanvardan „bosib o‘tilgan yo‘l“, „yo‘lovchi oqimi“ va „sifat“ mezonlari bo‘yicha moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etiladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq «Gazeta.uz» 1 fevral kuni Toshkentga Xitoyning Yutong Bus kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ZK6126BEVG rusumli 20 ta elekrobuslari «Toshshahartransxizmat» avtoparkiga olib kelingani haqida xabar qilgan edi. Elektrobuslar bilan birgalikda 10 ta quvvatlash uskunasi ham olib kelingan.

Eslatib o‘tamiz, 19 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent jamoat transportidan foydalanish darajasini tanqid qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i — 21 foizni tashkil qiladi, tizimda qariyb 400 ta avtobus yetishmaydi.

Yo‘llar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas, buning oqibatida YTHlar ko‘p sodir bo‘lmoqda, deya ta’kidlangan edi prezident ishtirokidagi taqdimotda. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev yangi avtobus hamda elektrobuslar xarid qilish va umuman, jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshirish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.