Mening ismim S.Vorro. Ismim onam ismining bosh harfi bilan boshlanadi. Odamlar bizning qaysi zotdan ekanimizni osonroq aniqlash uchun nasldor kuchuk bolalarini shunday deb chaqirishga odatlanishgan.

8 oyligimgacha Sergelidagi kinologiya markazida yashadim. Keyin xo‘jayinim katta serjant va kinolog Dilmurod Baratov meni olib ketdi. Ikki oy davomida u menga giyohvand moddalarni qanday qidirishni o‘rgatdi. Ta’lim olishimiz uchun ikki oydan olti oygacha vaqt ketadi. Men tezda o‘rgandim, chunki yaxshiman-da.

Dilmurod aka meni har kuni mashq qildirdi. Darslar o‘yin shaklida o‘tkazildi. Avval xo‘jayinimga ko‘nikishim, uni tinglashni va unga ishonishni o‘rganishim kerak edi. Katta serjant Baratov begona shovqin va harakatlar bilan chalg‘imasligim kerakligini aytdi. U menga o‘yinlar yordamida giyohvand moddalarni qidirish va ularni topganim haqidagi ishora berishni o‘rgatdi. Men ustozim bilan o‘ynashni yaxshi ko‘raman.

Hozir yetti yoshdaman. «Toshkent» xalqaro aeroportining kinologiya xizmatida olti yildan ortiq vaqtdan beri ishlab kelaman. 12 bosh it bilan birgalikda pitomnikda yashaymiz. Ayni paytda aeroportda rus spaniyellari, ingliz koker-spaniyellari, nemis ovcharkalari va labradorlari mehnat qilishmoqda. Odamlar bu zotlarni tanlashlariga sabab, biz oson o‘rganamiz, juda aqlli, chiqishimli va do‘stsevarmiz.

Kinologiya markazlarida aeroportda xizmat ko‘rsatish uchun itlar saralanayotgan vaqtda odamlar kuchukcha qanchalik o‘ynoqi, aqlli va faol ekanligiga qarashadi. Bu kabi mittivoylardan yaxshi xodimlar chiqadi. Odatda bu qobiliyatlar meros bo‘lib qoladi, shuning uchun aeroport bojxona xizmati asosan nasldor kuchukchalar ishlashadi.

Mening smenam 12 soat davom etadi. Har bir smenada uchta it xizmatga chiqadi. Butun ish kunini bojxona nazorati zonasida o‘tkazamiz va shubhali yuklarni tekshiramiz. Keyin ikki inson kuni dam olamiz.

Men giyohvand moddalarni topishga ixtisoslashganman. Albatta, ularni o‘zim iste’mol qilmayman. Bu organizm uchun juda zararli. Bilmayman, odamlar nima uchun o‘zlariga bunday zarar yetkazishadi. Men o‘z ishimga o‘yin kabi qarayman. Men besh marta giyohvand moddalarini topgandim. Bu ko‘p. Men ularni topsam, xo‘jayinimga yer qazigandek bo‘lib ishora qilaman.

Hamma itlar ham giyohvand moddalarni topishga ixtisoslashavermaydi. Hamma o‘z ixtisosligiga ega. Ba’zilari portlovchi moddalarni qidiradi, topsa, topilgan joyning yonida o‘tirgan holda signal beradi. Boshqa itlar valyuta qidiradi. Hozir sintetik preparatlarni topish ham dolzarb bo‘lib turibdi, chunki dongdor Toshkentda dorixona narkotiklari muammosi mavjud. «Gazeta.uz» jurnalisti Nikita Makarenko bir paytlar bu haqda yaxshilab yozgan edi. Odamlar ayrim itlarni terrorchilarni aniqlashga ham o‘rgatishadi. Ular buni qanday qilishlarini bilmayman.

Biz ishga faqat xo‘jayinlarimiz bilan boramiz. Men va kinologim Dilmurod Baratov — doimiy tandemlarmiz. Men xizmatni u bilan birga boshlaganman va u bilan oxirigacha xizmat qilaman. Men hech qachon birovning xo‘jayini bilan ishlashga chiqmayman. Katta serjant Baratovga o‘rganib qolganman. Boshqalarning buyruqlariga quloq solmayman. Agar xo‘jayinim yoki men o‘zimizni yomon his qilsak, o‘rnimizni boshqa juftlik egallaydi. Har bir itimiz bilan ham shunday.

Bizga maosh ham beriladi. Lekin qancha olishimni sizga aytmayman. Bu yoqimsiz savol. Shuni aytolaman: maoshim odamlarnikidan kamroq, lekin yashash uchun yetarli. Mazali muvozanatlashtirilgan quruq ovqat va elita darajasidagi veterinariya xizmati uchun pul yetarli. Bizga mukofot ham, bonus ham berishmaydi. Lekin bizga ko‘p narsa ham kerak emas. Asosiysi, biz va xo‘jayinlarimiz sog‘lom va mazali ovqatlanamiz.

Aytganimdek, biz aeroportda, mahalliy pitomnikda yashaymiz. Har bir itning o‘z qafasi bor. Dam olar ekanmiz, xonalarimizni tark etmaymiz. Aks holda to‘satdan bir-birimiz bilan janjallashib qolishimiz mumkin.

Odatda itlar 8−10 yilgacha xizmat qiladi. Ammo bularning barchasi individual va sog‘lig‘imizga bog‘liq. Men o‘zimni yaxshi his qilyapman va yana bir necha yil ishlay olishimga umid qilaman.

Hozircha bolalarim yo‘q. Bizga xizmat vaqtida zurriyod qoldirish mumkin emas. Pensiyaga chiqqanimda, albatta, o‘z zurriyodlarimni qoldiraman. Nafaqani esa xo‘jayinimning huzurida o‘tkazaman. Men — katta serjant Baratovning ikkinchi sherigiman. U avval nemis ovcharkasi bilan xizmat qilgan. Hozir u xo‘jayinim bilan yashamoqda. Ko‘p yillik birgalikdagi xizmatimiz davomida xo‘jayinimizga qattiq bog‘lanib qolamiz. Agarda bizni ajratishsa, bir-birimizni juda sog‘inamiz.