Orolqumdan ko‘tariladigan qum va chang bo‘ronlari tufayli yo‘qotishlar qiymati birgina Qoraqalpog‘iston uchun yiliga 44,2 mln dollar yoki yalpi ichki mahsulotning (YAIM) 2,1 foizini tashkil etadi. Jahon banki ishlab chiqqan 20 yillik ssenariyga ko‘ra, bu davrda mazkur muammoga nisbatan harakatsizlik Qoraqalpog‘istonga taxminan 844 mln dollarga tushishi mumkin. Bu haqda bankning O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda «Orol dengizining qurigan tubidagi qum va chang bo‘ronlarini kamaytirish uchun O‘zbekistonda landshaftni qayta tiklashning ahamiyati» mavzusida olib borgan qo‘shma tadqiqoti xulosalariga tayanib ma’lum qilindi.

Bank ma’lumotlariga qaraganda, Markaziy Osiyoda tez-tez sodir bo‘lib turuvchi qum va chang bo‘ronlari (QCHB) inson omili tufayli yanada kuchayganligi kuzatilmoqda.

Orol dengizining tubidan taxminiy maydoni 60 ming kvadrat-kilometrga teng Orolqum cho‘li hosil bo‘lgan. Cho‘lning deyarli yarmi Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan bo‘lib, unda 1,8 million aholi istiqomat qiladi. Bugungi kunga kelib cho‘l yuqori tuz konsentratsiyasi bilan qum va chang bo‘ronlarining qo‘shimcha manbasiga aylangan. Har yili bo‘ronlar sabab Orolning qurigan tubidan ko‘tarilgan 15−75 million tonnagacha miqdordagi qum, chang va tuz Markaziy Osiyo kengliklari bo‘ylab yoyiladi. Natijada yuzaga kelgan tuproq eroziyasi va havoning ifloslanishi odamlar salomatligi, turmush sharoitiga va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati doimiy salbiy ta’sir ostida qolayotganligi aytilmoqda. Ma’lum qilinishicha, sobiq dengiz sohilidan 500 km masofada quruq yaylovlar, sug‘oriladigan ekin maydonlari, turli o‘lchamdagi suv havzalari va aholi punktlari joylashgan.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, hududda hozirda mavjud amaliyotlarning davom ettirilishi jiddiy iqtisodiy yo‘qotishga olib keladi. Bu yo‘qotishlar qiymati yiliga o‘rtacha 32,6 mln dollarni yoki Qoraqalpog‘iston YAIMning 1,54 foizini tashkil etadi (20 yilda jami — 652 mln dollar).

Xususan, Orolqum cho‘lining qayta tiklanishi mumkin bo‘lgan qismidagi QCHB tufayli:

  • umumiy qiymati 207 mln dollarga teng 2,1 million tonna tuproq uglerod moddasi;
  • umumiy qiymati 108 mln va 146 mln dollarga baholangan jami 2 va 2,7 million tonna yer usti va ostidagi o‘simliklarda saqlanishi mumkin bo‘lgan uglerod;
  • 111 mln va 80 mln dollar qiymatdagi yem-xashak va yog‘och yo‘qotiladi.

Bundan tashqari, QCHB natijasida maydon tashqarisidagi ta’sirlar aholi salomatligini saqlash va o‘simlik yetishtirishda yiliga o‘rtacha 11,6 mln dollar miqdoridagi (20 yilda jami 192 mln) yo‘qotishlarga olib kelishi ta’kidlangan.

Tadqiqot xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistondagi Orol dengizi qurigan tubining katta qismini qurg‘oqchilikka va sho‘r tuproqqa chidamli bo‘lgan mahalliy daraxtlar, butalar va o‘t-o‘lanlarni aralash holda ekish hisobiga qayta tiklash mumkinligi aytilmoqda.

«To‘g‘ri rejalashtirilganda Orol dengizi tubidagi landshaftni tiklash jarayoni iqtisodiy jihatdan asoslangan bo‘lishi va Orol dengizining sobiq qirg‘og‘idan 100−200 km gacha bo‘lgan masofada havo ifloslanishining sezilarli darajada kamayishiga olib kelishi mumkin», — deyiladi bank xulosasida.

Buning natijasida mahalliy aholining salomatligi va farovonligini yaxshilanishi bilan bir qatorda, har yili qo‘shimcha 28−44 mln dollar miqdorida qo‘shimcha foyda keltirishi hamda tuproqdan uglerod chiqishini oldini olish va atmosferadan karbonat angidridni yutish orqali iqlim o‘zgarishini yumshatishga yordam berishi mumkin.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiy o‘sish istiqbollari, shu jumladan, sobiq Orol dengizi tubida landshaftlarni tiklash bo‘yicha loyihalar «yashil» iqtisodiy o‘sish milliy strategiyasining ajralmas qismiga aylanishi mumkin. Bu mamlakatning «yashil» iqtisodiy o‘sishga o‘tish jarayonini tezlashtirishdan tashqari, mintaqaviy va global miqyosda foyda keltirishi ham mumkin ekanligi ta’kidlangan. Ular keltirishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy foyda va ijtimoiy manfaatlar iqtisodiy va moliyaviy bevosita xarajatlardan sezilarli darajada ustun turadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 1,4 million kishilar hayotiga ta’sir o‘tkazadi. Natijada yetkazilgan zarar yiliga qariyb 3 mlrd dollarni tashkil etadi.

Vazirlik tomonidan Jahon banki va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi bilan birgalikda 2021 yil avgustidan 2022 yil yanvarigacha Toshkentda onlayn va oflayn rejimda O‘zbekistonda «yashil» o‘sish va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘n bitta strategik muloqotlar turkumi tashkil etildi.

Muloqotlar davomida O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, xususan, mamlakatni kam uglerodli sanoat va iqtisodiyotni qurishda qo‘llab-quvvatlash, iqlim o‘zgarishiga qarshilik ko‘rsatish, yashil moliyalashtirishni safarbar etish bo‘yicha ko‘rilishi lozim bo‘lgan va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qilingan.