Oliy Majlis Senati 3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan 23-yalpi majlisda Soliq kodeksiga bir qator oziq-ovqat mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha imtiyozlar muddatini uzaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.

O‘tgan yilning 1 mayidan 31 dekabrigacha O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQSdan ozod qilingandi.

Prezident qarori bilan 10 oktabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston hududiga mol, qo‘y va tovuq go‘shti, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlar, kartoshka, muzlatilgan baliq kabilarni olib kirish va realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma ham QQSdan ozod qilindi.

Endilikda prezident tomonidan imzolanishi kerak bo‘lgan hujjat soliq imtiyozlarini 2022 yilning 30 apreliga qadar uzaytirishni ko‘zda tutadi.

Senator savoliga Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudiri Dilshod Xolmurodov javob berar ekan, hukumat apreldan keyin narxlarni qanday qilib ushlab turishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

«Aprel oyidan keyin nima bo‘ladi, degan savolga keladigan bo‘lsak, albatta, bu bo‘yicha ham hukumat tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yanvar oyining boshida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yilda iqtisodiyotda narxlar, ya’ni ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha „Yo‘l xaritasi“ tasdiqlandi. Unda yil davomida ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish bo‘yicha qator choralar belgilandi. Jumladan, 2022 yilda 207 ming gektar yer foydalanishga qaytariladi va mart oyidan ekin ekish boshlanadi. Ular qo‘shimcha yer maydonlari bo‘lib, poliz ekinlari, kartoshka, meva-sabzavotlar, qora mol, qo‘y-echkilar uchun yem-xashak yetishtiriladi», — deya ta’kidladi u.

Bundan tashqari, 2021 yilda «yashil», «ayollar» va «yoshlar» daftarlaridagi shaxslarga 604 ming gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 81 ming gektar yer ajratish rejalashtirilgan.

«Qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hisobiga ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmining oshishi kutilyapti. Mana shu narsa inflyatsiyani pasaytiruvchi, narxlar barqarorligini ta’minlovchi omil bo‘lib xizmat qilishi kutilyapti», — deya ma’lum qildi Dilshod Xolmurodov.

2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari (kartoshka, sabzavotlar va boshqa mahsulotlar) zaxirasi hajmi 3 foizga oshgan.

«Mana shu zaxira mahsulotlari yil davomida, keyingi oylar davomida ichki bozorlarga, do‘konlarga chiqarilib, shu tarzda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash choralari ko‘riladi», — deya ta’kidladi hukumat vakili.

Yanvarda Qonunchilik palatasi yig‘ilishida moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev avvalroq QQS imtiyozlari oziq-ovqat narxiga qanday ta’sir qilganini aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nol soliq stavkasi uzaytirilsa, 2022 yilda davlat budjeti yana 800 mlrd so‘m yo‘qotadi.

Avvalroq mahalliy ishlab chiqaruvchilar Jizzax Organic va Promeat chorvachilik va go‘sht yetishtirish sohasida ahvolning qanday kechayotgani, QQSdan ozod qilish qanday oqibatlar va xavf-xatarlarga olib kelishi, go‘sht narxi oshishining oldini olish uchun qanday muqobil yechim taklif qilishlari haqida so‘zlab bergan edi.