Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida (xarita) joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilindi.

Dekabr oyi o‘rtalarida 10 tupi noma’lum shaxslar tomonidan yarmigacha arralab ketilgan edi. Ekologlar botanika bog‘i mutaxassislarini jalb qilgan holda zararlangan daraxtlarni saqlab qolish uchun ularning tanasidagi jarohatlarni davolab, yopishdi va ularni raqamlashdi. Jamoatchilik vakillarining qarshiligiga qaramasdan 10 yanvarga o‘tar kechasi niqobdagi noma’lum shaxslar 4 tup eldor qarag‘ayini kesib tashlashdi. Agar odamlar arra ovozini eshitib, chiqib qolmaganida ko‘proq daraxtlar nobud bo‘lishi mumkin edi.

2020 yilning yozida ushbu yerni auksion orqali sotib olgan tadbirkor 3 fevral kuni soat 18:13 da beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilarni yuborib, daraxtlar tagini betonlab tashladi.

Aholi murojaatiga ko‘ra, «Gazeta.uz» voqea joyiga yetib bordi. Avval yozganimizdek, aholi 2 yildan ko‘proq vaqt davomida daraxtlar o‘rnida qurilish bo‘lishiga qarshi chiqib kelmoqda.

Ular daraxtlarni kesishga bir necha urinishlardan so‘ng, videokuzatuv kameralarini o‘rnatishganini ma’lum qilishdi. Tasvirlarda beton aralashtiruvchi mashina yer uchastkasiga kirib, beton qorishmasini to‘kayotgani aks etgan.

Aholi va tadbirkor o‘rtasida mojaro yuzaga keldi. Voqea joyiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari yetib kelishdi.

Xodimlarning daraxtlarga zarar yetkazish taqiqlangani haqidagi gaplariga tadbirkor boshqa birovning emas, balki o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkasini betonlab tashlayotganini aytdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro vaqtida bir nechta fuqarolar yengil tan jarohatlari olishgan. Tadbirkor va uning sheriklari Yunusobod tuman 4-son ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Tuman ekologiya inspeksiyasi boshlig‘i Dilshod Sadirov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida tadbirkorga daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish rad etilganini ma’lum qildi. Sud ham daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish yuzasidan tadbirkorning arizasini qanoatlantirmagan.

«Kechasi kelib, vaziyatdan foydalanib, beton qorishmasini [daraxtlar tagiga] to‘kib ketayapti. Ular kelib janjal ham ko‘tardi. Janjal qiganligi uchun ichki ishlar organlari tomonidan olib ketildi. Hozirgi paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — dedi u.

Dilshod Sadirovning qo‘shimcha qilishicha: «Ularning maqsadi — shu yerda qurilishni boshlash. Lekin bunga ruxsat olinmagan». «Gazeta.uz» manbasining ma’lum qilishicha, ushbu uchastka o‘rniga Yunusobod tuman hokimligi tumanning boshqa hududidan yer taklif qilgan, biroq tadbirkor buni rad etgan.


Daraxt tagiga to‘kilgan qorishmalarni esa Yunusobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tozalab olishdi.

Daraxtlarni kesishga urinishlar ularni kesishga doir moratoriy etilgan davrda sodir etilmoqda. Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi. O‘zbekistonda 1 martdan esa «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanadi.

Toshkent shahar hokimligi hozirga qadar ushbu bahsli yer uchastkasi yuzasidan izoh bermadi.