Senatining 23 yalpi majlisida senatorlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Unda, senatorlar «propiska» so‘zini qonunchilikdan butunlay chiqarish taklifi ma’qulladi.

«Bugungi kunda „propiska“ so‘zi ma’nan eskirganligi va ushbu atama fuqarolar ongida „to‘sqinlik qiluvchi“, „erkinlikni cheklovchi“ degan tushunchalarni keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan, qonun hujjatlardagi „doimiy propiska qilish“ va „turgan joyi bo‘yicha hisobga olish“ tushunchalarini „doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish“ va „vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish“ tushunchalariga almashtirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti qaroriga asosan xorijga chiqish biometrik pasporti joriy qilingani sababli qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, bir qator qonunlarga biometrik pasportga oid ishlatilayotgan tushunchalar kelgusida identifikatsiya ID-kartasi bilan qo‘llanilishi sababli qonunga identifikatsiya ID-kartasi tushunchasi kiritish belgilanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 1 aprelidan prezident farmoniga asosan Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishda fuqarodan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish talab etish bekor qilindi, shuningdek, poytaxtda ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 15 kunga uzaytirildi.

O‘sha yilning may oyidan boshlab «doimiy propiska» tushunchasi o‘rniga «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchasi kiritilgan edi.