4 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Pekinga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

“Shoudu” xalqaro aeroportida prezidentni Xitoyning rasmiy shaxslari kutib oldi.

Olimpiadaning tantanali ochilish marosimi juma kuni kechqurun Pekindagi “Qush uyasi” milliy stadionida Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi. O‘zbekistondan Olimpiadada yagona sportchi — chang‘ichi Komiljon To‘xtayev ishtirok etmoqda.

Marosimning ochilishida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston davlat rahbari Qosim-Jomart Tokayev, Tojikistondan Imomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov ham tashrif buyurishadi.