Yanvar o‘rtalarida koronavirusga qarshi emlangan fuqarolar o‘rtasida bosh sovrini avtomobil bo‘lgan yutuqli o‘yin tashkil etilishi xabar berilgandi.

Ushbu lotereya 22 yanvardan boshlab har shanba kunlari ZO’R TV orqali 20:30 dagi onlayn efir vaqtida o‘ynalmoqda. Hozirga qadar “Vaksina to‘g‘ri tanlov” aksiyasi ko‘rsatuvi 2 marta (22 va 29 yanvarda) efir yuzini ko‘rdi.

Aksiyada har oyda quyidagi sovg‘alar o‘ynaladi:

  • Telefon: Samsung A52 — 100 dona;
  • Planshet: Samsung TAB A7 Lite Gray — 100 dona;
  • Televizor: Samsung 43D — 100 dona;
  • Velosiped: — 150 dona;
  • Avtomobil: “Malibu-2” — 1 dona.

Aksiyada vaksina olgan barcha qatnasha oladimi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu lotereya hozirgacha emlangan barcha fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilishini ta’kidlagan edi. Aslida esa faqatgina 15 yanvardan keyin vaksina olganlar o‘rtasida o‘tkazilmoqda. Telekanal reklamalarida ham ayni ma’lumot targ‘ibot qilinmoqda.

“Gazeta.uz"ning hukumatdagi manbasi ma’lum qilishicha, aksiyani o‘tkazish bo‘yicha memorandumga ko‘ra (“Gazeta.uz"da nusxasi bor), aksiya ishtirokchilari sifatida 2022 yil 15 yanvar sanasidan keyin koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina olishni boshlagan yoki tugatganligi haqidagi sertifikatga (ID kod) ega fuqarolar qatnashadi.

Aksiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi memorandum 20 yanvar kuni “TELERADIOKOMPANIYA ZO’R” MCHJ bosh direktori N.I.Supibekov, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i A.V.Alimov va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Raximova tomonidan imzolangan.

Kelishuvga asosan, “ZO'R TV” — tashkilotchi, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi — hamkor va Toshkent shahar hokimligi — bosh homiy hisoblanadi. Manbaning ishontirishicha, aksiyani o‘tkazishni shaxsan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘z nazoratiga olgan.

“Gazeta.uz” vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Botir Isabekov bilan bog‘landi. U ham aksiyada faqat 15 yanvardan keyin emlangan, 18 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar qatnasha olishini tasdiqladi.

“Tanlov 2022 yil 15 yanvardan boshlab koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar o‘rtasida olib boriladi. Fuqarolar vaksina olishni boshlashlari bilan SSVning elektron bazasiga kiritiladi va ishtirokchi sifatida tanlab olinishi mumkin bo‘ladi”, — dedi Botir Isabekov.

Bundan tashqari, aksiyani targ‘ib qilishda yana bir nomutanosiblik mavjud. “ZO'R TV” telekanali tomonidan 26 yanvar kuni tarqatilgan aksiya bo‘yicha reklama roligida fuqarolar vaksina bilan to‘liq emlangan bo‘lishlari kerakligi aytiladi.

Lekin, Botir Isabekovning ta’kidlashicha, fuqarolar aksiyada qatnashishlari uchun to‘liq emlangan bo‘lishlari shart emas. Vaksina kursi to‘liq tugagan bo‘lishi shart emasligi tanlov bo‘yicha memorandumda ham kelitirilgan.

Isabekovning so‘zlariga ko‘ra, tanlovning haqqoniy o‘tkazilishiga Toshkent shahar Adliya boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va shahar bosh boshqarmasidan mas’ullar biriktirilgan.

“Sertifikat haqqoniyligi tekshiriladi, soxta sertifikat bilan ishtirok etgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish yuzasidan tegishli tartibda huquqni muxofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinadi va sovg‘alar taqdim qilingan bo‘lsa, ular qaytarib olinadi”, — dedi poytaxt SSBB boshlig‘i o‘rinbosari.

Mas’ulning ta’kidlashicha, “tanlovda ishtirok etayotgan shaxs ayni damda O‘zbekistonda bo‘lmasa, u mamlakatga qaytgandan so‘ng, shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan murojaat etadi va yutuq taqdim etiladi. Bahsli savollar yoki muammolar yuzaga kelganda, hamkorlar tomonidan biriktirilgan mas’ullar tomonidan muhokama etiladi”.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash va yutuqlarni berish tanlov o‘tgandan so‘ng 1 oy muddat ichida g‘olib bo‘lgan shaxslarga topshirish va qabul qilish dalolatnomasiga asosan taqdim etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, tanlovda qatnashuvchilar qo‘shimcha axborot olish uchun Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining 71 289−78−00 telefon raqamlari orqali murojaat etishlari mumkin.

“Gazeta.uz” sovrinli o‘yin nima sababdan avval e’lon qilinganidek barcha vaksina olganlar o‘rtasida o‘tkazilmayotgani borasida mas’ul tashkilotlarga yana bir bor so‘rov yubordi.