Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Kun.uz nashriga bergan intervyusida aholi orasida noroziliklarga sabab bo‘lib kelayotgan UzIMEI masalasiga to‘xtaldi.

«Birinchidan, IMEI o‘zi nega kerak, degan savolga javob bersam. 3 yil avval, IMEI tartibi joriy qilinishidan avval O‘zbekistonga bir yilda 7−9 ming dona mobil qurilma qonuniy tartibda olib kirilgan. O‘tgan yili esa 3 millionta olib kirildi. Farqini sezyapsizmi? Mobil qurilmalar foydalanuvchilarining o‘sishi o‘sha paytda ham deyarli hozirgidek edi, bu ko‘rsatkich hozir hatto kamaygan. Ya’ni 3 millionta telefon O‘zbekistonga o‘sha paytda ham kirgan, lekin uning hammasi noqonuniy olib kirilgan va noqonuniy sotilgan. Buning natijasida esa soyadagi iqtisodiyot davom etavergan», — deydi Shermatov.

Vazirga ko‘ra, soliqchilar bilan kelishmovchiliklar bo‘layotganining sababi ham soyadagi iqtisodiyotni qonuniylashtirish. «Iqtisodiyotimizning 50 foizi soyada ekani taxmin qilinadi. Xo‘sh, 100 foiz iqtisodiyotimiz legal, qonuniy bo‘lmasa ham, lekin 100 foiz odamning bolasi maktabga borishi kerakmi? 100 foiz odam poliklinikaga borishi kerakmi? Biz esa bor-yo‘g‘i 50 foiz pul bersak, qanaqa bo‘ladi? Shuning uchun maktab ham, bog‘cha ham yaxshi bo‘lmaydi», — dedi u.

AKT vaziri masalani kompleks tahlil qilib, uning muammosini topish kerakligini ta’kidladi.

«Masalaga kompleks qarash kerak. Bitta mavzuni olib, qattiq gapirib, hayp qilish mumkin, lekin bizni vazifamiz shov-shuv qilish emas. Bizning vazifamiz masalani kompleks tahlil qilib, uning muammosini topish. Asosiy masala soyadagi iqtisodiyotda bo‘lgan», — deydi AKT vaziri.

Shermatov UzIMEI pulli bo‘lishi kerakligini ham qayd etdi. «Soliq to‘lashingiz kerak-ku. Hech narsa tekinga bo‘lmaydi-ku. Soliq to‘lagandan keyin ish bo‘ladi-da».

Vazir IMEI muammosini oldin noqonuniy telefon savdosi bilan shug‘ullanganlar ko‘tarib chiqayotganligini ta’kidladi.

«Shov-shuv nimadan chiqyapti o‘zi? Sizda, menda, mana bu yerda o‘tirganlarda u katta muammo bo‘lmaydi. Tasavvur qiling, siz 2−3 million mobil telefon olib kirayotgandingiz. Bunda soliq davlatga emas, kimningdir cho‘ntagiga tushardi-ku. O‘sha nolegal bozor, legalga aylantirilgandan keyin kimningdir manfaatlari yo‘qolyapti. O‘sha odamlar shov-shuvlarni boshlayapti. Ancha shov-shuvning tagida shu yotibdi. Lekin bundoq olib qarasangiz, katta muammo bo‘layotgani yo‘q», — deydi AKT vaziri.

Kun.uz muxbiri bu muammo ko‘pchilikda ekanligini aytib, vazirning so‘zlariga e’tiroz bildirdi.

«Qiyinchilik bo‘lishi kerak emas. Men endi shuni aytmoqchi edim. Men ham e’tirozlarni internetda o‘qiganman, lekin men uning [IMEI tizimiga o‘tish] boshida turmaganman. Men buni noto‘g‘ri narsa emasligini tushuntirishga harakat qilyapman. „IMEI kerak emas, IMEI`ni yo‘q qilinglar“ degan gaplar tagida boshqa sabablar turibdi: noqonuniy bozordan „dolya“ olib, foyda qilib turganlarning lobbisi turibdi», — deb javob berdi Shermatov.

Shermatov IMEI tizimi butun dunyoda qilinadigan tizimligini, uning kerakligini ta’kidladi. «Lekin bunda fuqaroda muammo bo‘lishi kerak emas. Fuqaro hatto bilishi kerak emas, telefonni ulaganda IMEI bormi, yo‘qmi. Fuqaro telefonni qayergadir olib borib, ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak emas», — dedi u.

«Lekin bu yerda boshqa narsa bo‘lyapti. Nega sizda IMEI bo‘yicha muammo bo‘lyapti? Sababi sizning pasportingizdan boshqa odam noqonuniy foydalanyapti va noqonuniy olib kirilgan telefonni rasmiylashtiryapti. Bu shaxsiy ma’lumotlarga oid muammolar bilan bog‘liq. Sizning pasport ma’lumotlaringizdan boshqa odam noqonuniy foydalanyapti: xorijga chiqib kelganingizdan keyin pasportingizga noqonuniy olib kirgan telefonini registratsiya qilib qo‘yayapti. Bu — IMEI`dan ham ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar bilan bog‘liq muammo», — deya qo‘shimcha qildi Shermatov.

«Buning yechimi qanday? Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi masalasi hal qilinishi kerak (buning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor). Bundan tashqari, hozir bir kishi bitta telefonni bojsiz olib kirishi mumkin, ko‘proq olib kirganda esa boj to‘laydi. Mana shu farq bo‘lgani uchun ham muammolar bor. Mana shu farq bo‘lgani uchun ham boshqalarning pasport ma’lumotlariga IMEI rasmiylashtirish holatlari bor. Agar bu hammaga bir xil bo‘ladigan bo‘lsa, bu muammolar ham bo‘lmaydi. Biz hozir ekspertlar, IMEI ishlab chiqqanlar, iqtisodchilar ishtirokida ishchi guruh tuzganmiz. Bu — ko‘proq iqtisodiy masala. Ya’ni jismoniy shaxs sifatida bitta telefon olib kirsangiz soliq yo‘q, ikkita olib kirsangiz bor. Bu yerda soliq masalasi ham bor», — deya o‘z fikrini bildirdi Sherzod Shermatov.

Oldinroq Jahon banki iqtisodchisi Vinayak Nagaraj O‘zbekistonda UZIMEI mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini «byurokratik, noqulay va fuqarolar uchun foydasiz», deb atab, u «O‘zbekistonni orqaga tortayotganini» ta’kidladi. Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev esa davlat organlari o‘z vazifasini bajara olmagani uchun ushbu tizimni «ikki karra telefon solig‘i» deb hisoblaydi. Bloger Shahnoza Soatova esa tizimning «beti qattiq» ekanligini aytdi. UZIMEI operatori esa tanqidlarga javob berishga harakat qilganini yozgan edik.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning noyabr oyida ham AKT vaziri Sherzod Shermatov IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun yanada osonlashtirish yo‘llarini topish kerak. «Buning uchun barcha choralarni ko‘rish zarur», — degan edi.