Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyat hayoti haqida tanqidiy materiallar yozadigan blogerlar, jurnalistlar va jamoatchilik vakillarini mukofotlashi haqida e’lon qildi. Hokimning ushbu gaplarni aytgan videosi ZarNews.uz nashrida e’lon qilindi.

«15 fevraldan boshlab blogerlar, jurnalistlar, jamoatchilik [vakillari] — kim bizga „negativ“ yozib kelsa, ularni manfaatdor qilamiz. <...> Ularga alohida pul topib beraman. Olib keldimi [negativni], ko‘chadagi odam olib kelsa ham bizga farqi yo‘q, rasmga tushirdimi, tasdiqlansa, borib tekshirib kelganimizda, o‘sha odamga pul beramiz», — deya va’da berdi Erkinjon Turdimov.

U, shuningdek, «kattaroq material bo‘lsa, ko‘proq, kichikroq material bo‘lsa, kamroq pul beramiz», deya qo‘shimcha qildi.

Viloyat hokimining ta’kidlashicha, bu ish «xalqning salomatligi» uchun amalga oshiriladi.

«Masalan, qassob SESdan o‘tmay, go‘sht sotyapti, SES vakiliyam ketadi ishdan, javobgarlikka tortiladi, qassobning o‘zini ham sharmandasini chiqartiraman. Sudga beraman, qassobchilik qilishdan mahrum qilaman 1 yilga, veterinariya yoki laboratoriya xodimi laboratoriya qildirmasdan [go‘shtga] shtampni ursa, butun dunyoga sharmanda qildiraman», — dedi Turdimov.

Rag‘batlantirish ishlari har hafta amalga oshirilishi aytildi. Turdimovning ta’kidlashicha, rag‘batlantirish manbasi budjetdan amalga oshiriladi.

Bunda ishida kamchilikka yo‘l qo‘ygan va budjetdan oylik oladigan davlat xizmatchilari, «masalan, mahalla raisi yoki uchastkavoy, hokim yordamchisi yoki veterinar», «oyligidan 30−40 foiz jarimaga tortilib, bu pullarni iqtisod qilib qolish» va to‘planadigan mablag‘lar hisobidan «negativ» yozadiganlarni mukofotlash nazarda tutilmoqda.