Buxoroda qurilish korxonasidan pulini ololmagan erkak o‘zini yoqib yubordi. Bu haqda Buxoro viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

Peshko‘ tumanida yashovchi fuqaro mart oyida quruvchi R.Sh. ga uy olish maqsadida 150 mln so‘m pul bergan. Lekin R.Sh. uyni rasmiylashtirib bermagan. Shunda fuqaro pullarini qaytarib olishini aytgan. 2022 yil 1 fevral kuni takroran murojaat qilgan vaqtda ham quruvchidn rad javobini olgan.

So‘ng o‘sha kuni soat 14:10 larda Buxoro shahar, «Furqat» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘zini ustidan benzin sepib, yoqib, o‘z joniga suiqasd qilgan. Fuqaro o‘zini yoqib yuborgan paytida uning yonida o‘g‘li Z.A. ham bo‘lgan.

O‘sha kuni viloyat IIB navbatchilik qismiga fuqaro o‘zini yoqib, tan jarohati olib, RSHTYOIM Buxoro filialiga murojaat qilganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Tibbiyot muassasasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, F.H tanasining 50% qismi kuygan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘lishi mumkin. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.