Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Respublika maxsus komissiyasining barcha ta’lim muassasalarida o‘qish 7 fevraldan boshlanishi haqidagi qarori yuzasidan qo‘shimcha bayonotni e’lon qildi.

«Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkaziladi. Bu oraliqdagi dars mashg‘ulotlari ham masofaviy, ham an’anaviy shaklda olib boriladi». — deyiladi xabarda.

Bu jarayon har bir OTMning ichki imkoniyatlari, o‘quv jarayonining hozirgi holati, mavjud shart-sharoitlarini inobatga olgan holda alohida reja-grafik asosida amalga oshiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlar har bir ta’lim maskanining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali berib boriladi.

Bu talabalarga qulaylik yaratish, doimiy yashash hududidan ta’lim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz yetib kelishlari, joylarda avia va temir yo‘l chiptalarini almashtirishdagi noqulayliklarning oldini olish hamda talabalarning ijara uylari va yotoqxonalariga ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 24 fevraldan boshlab o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonlari to‘liq an’anaviy shaklda olib borilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, avvalroq, Toshkent davlat texnika universiteti an’anaviy (oflayn) darslarga qaytish grafigini tasdiqlagandi. Unga muvofiq, 1-bosqichlar uchun — 21 fevraldan, 2-bosqichlar uchun — 14 fevraldan, 3 va 4-bosqich hamda magistrlar uchun — 7 fevraldan universitetga qaytishi belgilangan.