Ayni vaqtda Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda yuqori palata raisi Tanzila Narbayeva asosiy e’tiborni senatorlarning faoliyatiga qaratib, «hozir erishilgan ishlarga mahliyo bo‘lib o‘tiradigan davr emasligini» ta’kidladi.

«Har kuni yangilikka intilishimiz, fuqarolar bilan muloqot qilishimiz, ularni o‘ylantirayotgan masalalarning yechimlarini topishimiz, dolzarb tizimli muammolarni aniqlashimiz hamda bartaraf etishimizni — shu zamonning o‘zi oldimizga vazifa qilib qo‘yyapti. Tan olishimiz kerak bu borada senatorlar, qo‘mitalar faoilyati talab darajasida emas», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hududlardagi senatorlar o‘z qo‘mitalaridan deyarli uzilib qolgan.

«Hududlardagi dolzarb masalalarni qo‘mita muhokamasiga olib chiqish bo‘yicha taklif va tashabbuslar deyarli yo‘q. Senatorlarimiz faoliyati faqatgina qo‘mita majlisi yoki qaysidir tadbirda ishtirok etish bilan cheklanib qolmoqda. Shuni ham alohida ta’kidlashimiz kerakki, Senat qo‘mitalari o‘zlari ixtisoslashgan soha yo‘nalishlarini rivojlantirish, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha faolligi yetarli emas», — dedi Tanzila Narbayeva.

U misol tariqasida Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi faoliyatida «hududlarda investitsiyaviy jozibadorlikka salbiy ta’sir qilayotgan g‘ovlarni jumladan, qonunchilikdagi to‘siq va bo‘shliqlarni bartaraf etish, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish, bu borada parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish» bo‘yicha tashabbuskorlik yetishmayapti.

Shuningdek, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududlardagi o‘rganishlari asosan bir xil yondoshuvga tushib qolgani tanqid qilindi. Qo‘mita faoliyati faqatgina hududiy tuzilma rahbarlari axborotini eshitish bilan cheklanib qolgan.

«Qo‘mitalar o‘z soha yo‘nalishlarida korrupsiyaga imkon beruvchi omillarni chuqur o‘rganishlari, aniqlangan korrupsiya holatlariga keskin munosabat bildirib borishlari lozim», — dedi Senat raisi.

Bundan tashqari, Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari hamda budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitalari belgilangan vaziyalarni o‘z vaqtida ijro qilmaganligi ta’kidlandi. «Misol uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining o‘tgan yil noyabrda qabul qilingan qaroriga muvofiq, mazkur qo‘mitalar tomonidan bir oy muddatda sog‘liqni saqlash, davlat xaridlari sohasida korrupsiyasiz soha loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasi loyihasi ishlab chiqilishi lozim edi. Biroq qo‘mitalar ushbu vazifalarni e’tiborsiz qoldirdilar», — dedi Tanzila Narbayeva.

Yuqori palata raisi «bu kabi e’tiborsizlik va sustkashlik holatlarini boshqa qo‘mitalar faoliyatida ham keltirish mumkinligini» qayd etdi.

Shu bilan birga, Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining OAVlar va blogerlar bilan hamkorligi talab darajasida emasligi tanqid ostiga olindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan va inson huquqlari poymol etilayotgan holatlar bo‘yicha parlament nazorati institutidan samarali foydalanib, mansabdor shaxslarning eshituvini o‘tkazish amaliyotidan deyarli foydalanilmayapti.

Senat raisi so‘zi yakunida senatorlar majlisbozlikka berilmasdan faoliyat yuritishi lozimligini ta’kidladi.