Chimyon tog‘ tizmasi hududida 6 ming sayyohga mo‘ljallangan xalqaro darajali dam olish maskani barpo etilishi kutilmoqda. Bu haqda 1 fevral kuni Turizm va sport vazirligi binosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tilgan.

Qurilish Fransiya g‘aznachiligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi. Loyihaga kiritilgan sarmoyaning umumiy hajmi 269 mln dollarga teng.

Bunda Chimyon tog‘ tizmasi hududida:

  • 20 dan ortiq ko‘ngilochar yo‘nalishlar;
  • dor yo‘li (gondol va stul turidagi);
  • attraksionlar (Zip-line, Alpine coaster, Adventure tower, summer/winter Tubing);
  • 11 dan ortiq ko‘ngilochar yo‘llar;
  • 20 km bo‘lgan tog‘-chang‘i yo‘llari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Turizm va sport vazirligi

«Chimyon sayyohlik zonasi uch bekatdan iborat bo‘lib, 3309 m balandlikda joylashgan eng yuqori bekat Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi dor yo‘lidan foydalanadigan nuqta bo‘ladi. Majmuaning bosh rejasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan.

Vazirlar Mahkamasining qarorida kurort hududida joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar «E-ijro Auksion» elektron savdo maydonchasi orqali bosqichma-bosqich realizatsiya qilinishi belgilangan. Mazkur hududda loyihalarni amalga oshiruvchi investorlar esa «Chorvoq» erkin turistik zonasi ishtirokchisi maqomini oladi, deyiladi xabarda.

Avvalroq, loyihaning umumiy qiymati 480 mln dollar bo‘lishi aytilgandi. Uning konsepsiyasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan FASEP fondining 750 ming yevro miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga ishlab chiqilishi ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Fransiyaning Orex Loisirs, Compagnie des Alpes, Geode, Egis, Epode, Patriarch kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan konsorsium va Toshkent viloyati hokimligi o‘rtasida Chorvoq suv omboridagi sayyohlik zonalarini obodonlashtirish uchun hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.