Andijon viloyatida ayrim maktablarda kechasi soat 21:00 dan 22:00 gacha uyushmagan yoshlar uchun tadbirlar o‘tkazish talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Deputat Rasul Kusherboyev mazkur holatga munosabat bildirib, Andijon viloyatining qator tumanlaridan murojaatlar kelayotganini, unda maktablarda kunduzi yetmagandek kechasi ham o‘quvchi va uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish uchun to‘garak va boshqa tadbirlar tashkil qilish talab qilinayotganini aytgan. U e’lon qilgan tadbirlar rejasida

«Masalan, kompyuter o‘yinlari o‘ynash, sport bilan shug‘ullanish, kitob o‘qish, film tomosha qilish, diskoteka va h.k. O‘qituvchilardan maktabda ertalabdan kechgi soat 22.00 gacha bo‘lish talab etilmoqda», — deb yozdi deputat.


Andijon shahridagi 47-maktabda kechasi hovlida film tomosha qilayotgan uyushmagan yoshlar. Foto: Rasul Kusherbayev.

Qolaversa, Rasul Kusherbayev «kechasi nima qilarini bilmay yurgan o‘qituvchi va yoshlar bu sharoitdan juda „baxtiyor“ bo‘lishsa kerak», deb kinoya qilgandi.

Mazkur holat yuzasidan Daryo nashri Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilovning izohini e’lon qildi. Mazkur munosabat haqiqiyligini Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati Laylo Rustamova «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, 28 yanvar kuni maktab ta’limiga bag‘ishlangan videoselektorda prezident tomonidan berilgan topshiriq asosida maktablarda kechki tadbirlar o‘tkazilmoqda.

«28 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limini rivojlantirishga bag‘ishlangan selektr yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mahallarda joylashgan ta’lim muassasalarida aholi, ayniqsa, uyushmagan yoshlar uchun mushoira kechalari, sport tadbirlari va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarni o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida shahar va tuman Yoshlar ishlari agentligi hamda xalq ta’limi bo‘limlari hamkorligida maxsus jadvallar ishlab chiqilgan. Shunga asosan har kuni ta’lim muassasalarida soat 18:00 dan 22:00 ga qadar turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda», — dedi Azizbek Mirkomilov.

Shuningdek, u tadbirlar mahalla yetakchilari va maktab ma’muriyati hamkorligida tashkil etilayotganini qo‘shimcha qilgan. Ta’kidlanishicha, maktab direktorlariga o‘qituvchilarni tadbirlarga umuman jalb qilmaslik talabi qo‘yilgan.

«Agarda qaysi bir direktor o‘qituvchilarni majburlasa, unga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan o‘qituvchilardan maktabda ertalabdan kechgi 22:00 gacha bo‘lish talab etilayotgani haqidagi xabarlar asossiz», — dedi viloyat XTB boshlig‘i.

Bundan tashqari, Azizbek Mirkomilov Facebook`dagi sahifasi orqali viloyatdagi hamkasblariga murojaat bilan chiqqan. «Oramizda, bunga o‘qituvchilar majburlanyapti deb jar solayotgan ayrim do‘stlarimiz ham borligi ochig‘i meni quvontirdi, chunki ish bor joyda albatta, kamchilik, turli ziddiyatlar va qarashlar bo‘ladi», — dedi u.

Shuningdek, viloyat XTB boshlig‘i asoslanmagan xabarlar tarqatayotganlarga savol bilan yuzlandi: «O‘sha do‘stlarimizga savol siz nimani hisobiga asoslanmagan xabarlarni tarqatmoqdasiz, onlayn darsni nazorat qildingizmi yoki biron o‘quvchini o‘zlashtirish jarayonini vijdonan nazorat qildingizmi?».

Aziz Mirkomilov masala yuzasidan e’tiroz bildirgan hamkasblarini g‘iybatchilikda aybladi. «Sizlarga ish bo‘lmasa, faqat gap tashib, g‘iybat qilsangiz, qani edi ta’lim sifatiga ham ana shunday fidoiylik bilan yondoshsangiz edi, Andijon ta’limi yuksalarmidi», — dedi u.

U viloyat xalq ta’limi tizimiga oid tarmoqlardagi guruhlarda yuborilgan rasmlarni blogerlarga tarqatganlarni tanqid qildi. «Rasmlarni kimlargadir tashlab berib nima foyda ko‘rasiz, o‘zingizni ishingizni uddalay olmasangiz, hech bo‘lmasa ishlaganlarga xalaqit bermay tursangiz yaxshimidi», — deya ta’kidladi boshqarma boshlig‘i.

Mas’ulning ta’kidlashicha, «tadbirlar mahalla yetakchilari va maktab ma’muriyati tomonidan tashkil etilmoqda, vijdonli va diyonatli o‘qituvchilar esa o‘quvchilarining o‘zlashtirishi bilan band». «Kamchilik izlayotgan ayrim bekorchilarga esa (ustoz deyishga tiling bormaydi) insof tilab qolaman, gruppalardagi rasmlarni tashishda davom eting», — dedi Aziz Mirkomilov.

«Barcha umumta’lim maktablari direktorlari mahalladagi yoshlar yetakchilariga qanot bo‘ling, ularga yoshlar bilan ishlashni o‘rgatib maktablarimizni xaqiqiy ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘iga, ziyo maskaniga aylantirishda hech ham charchamanglar. Sport zal va maydonlarimiz, kompyuter xonalari doimiy yoshlar bilan gavjum bo‘lsin. Sizlardan yangi xaftada yangi g‘oya va tashabbuslarni kutib qolaman», — dedi Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.

Foto: Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, Andijon viloyati hokimligi 3 fevral kuni Andijon viloyati Abu Ali ibn Sino Jamoat salomatligi texnikumi jamoasi tomonidan tashkil etilgan kechki madaniy dastur suratlarini e’lon qildi.

Suratlarda texnikum hovlisida yoshi kattalar bilan bir qatorda yosh bolalar ham olov atrofida o‘tirgani tasvirlangan.

«Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ularni mazmunli dam olishlarini tashkil etish borasida gulxan atrofida tashkil etilgan ko‘ngilochar musiqiy dastur mahalla aholisi o‘rtasida katta taassurot qoldirdi», — deyilgan xabarda.