«O‘zmetkombinat»ning Mirzo Ulug‘bek tumani, Shahriobod ko‘chasi, 53-uy manzilidagi bo‘sh turgan bino-inshootlari bo‘yicha savdolarida Golden House Development kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat tender komissiyasining qaroriga ko‘ra, kompaniya Mirzo Ulug‘bek tumanidagi temir saqlash va yuklash ombori uchun 74 mlrd so‘m taklif qilgan.

Savdo g‘olibi tomonidan hududning shaharsozlik me’yorlaridan kelib chiqib, maishiy xizmat, sport va ijtimoiy (ta’lim, sog‘liqni saqlash) xizmatlar, ko‘ngilochar va dam olish markazlari, turar-joy majmualari va umuman, o‘ziga xos infratuzilmaga ega zamonaviy kompleks tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

Spot nashrining yozishicha, temir saqlash va jo‘natish ombori 2021 yil noyabr oyida bir qancha aktivlar bilan birga kimoshdi savdosiga qo‘yilgan. Yozda prezident farmoni bilan omborni xususiylashtirish belgilangandi.

Shuningdek, tender komissiyasi Chorvoq shahridagi «Chorvoq oromgohi» dam olish maskani va «Chotqol oromgohi» bino-inshootlari bo‘yicha savdo jarayonining birinchi bosqichi yakunlanib, ikkinchi bosqichiga o‘tgan ishtirokchilar ro‘yxatini tasdiqladi. Ushbu obyektlar bo‘yicha takliflar 8 fevralgacha qabul qilinadi.

Ushbu hududlar bilan birgalikda Matbuot uyi ham sotuvga qo‘yilgandi. O‘shanda binoning boshlang‘ich narxi 18,7 mlrd so‘m etib belgilangandi. Shundan keyin ushbu joy prezident nomidan kim oshdi savdosidan chetlashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining 2021 yil 30 iyuldagi farmoni bilan shu yili sentabrdan savdoga chiqariladigan davlat aktivlari ro‘yxatini tasdiqlagandi. Ro‘yxatdan 12 ta obyekt o‘rin olgan edi. Ro‘yxatdagi 11 obyekt yil boshida xususiylashtirishga taqdim etilgan edi. O‘shanda obyektlar aprelda sotuvga qo‘yilgan, biroq ulardan faqat ikkitasi — sobiq gazeta ishlab chiqarish binosi va «Ichan Qal’a» mehmonxonasini sotishga muvaffaq bo‘lingan.