AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 10 million dollarlik yangi besh yillik dasturni ishga tushirdi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

«USAID O‘zbekiston hukumatini inson kapitali salohiyatini rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan ishlarida qo‘llab-quvvatlaydi, hamda mamlakat yoshlarini mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelishida o‘z hissasini qo‘shish imkoni yaratilganidan juda mamnun», — dedi USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Mikaela Meredit.

Xalqaro ta’lim bo‘yicha AQSh kengashlari tomonidan amalga oshirilayotgan yangi dastur 2022 yil yanvar oyida boshlangan bo‘lib, maktabning 8−11-sinf o‘quvchilariga O‘zbekiston iqtisodiyotida malakali ishchi yoki tadbirkor sifatida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga ko‘maklashadi. Dastur maktabda va maktabdan tashqarida o‘quvchilarni maktabni bitirganlaridan so‘ng ishga muvaffaqiyatli o‘tishni ta’minlashga qaratilgan.

Dasturda qizlar va nogironlarning bandlikdagi rolini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Dastur shuningdek, xususiy sektor bilan yaqindan hamkorlik qilib, Xalq ta’limi vazirligi (XTV) xodimlarining dasturning har bir bosqichida ishtirok etishi va uning barqarorligini ta’minlash uchun salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

AQSh kengashlari ushbu tashabbusning barcha jabhalarida USAIDning ta’lim bo‘yicha asosiy hamkori XTV bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Shu bilan birga, dasturning muvafaqqiyatli amalga oshirish uchun xalqaro va mahalliy tashkilotlar jamoasini loyihaga jalb qiladi. Yoshlar mehnat resurslarini rivojlantirish va tadbirkorlik sohasida global darajadagi tajribaga ega bo‘lgan texnik hamkor sifatida — «World Learning» Xalqaro tashkiloti xizmatlaridan foydalaniladi.

Loyihaning besh yili davomida Amerika kengashlari mehnat bozorining o‘ziga xos ehtiyojlarini tushunish, natijalarni monitoring qilish va ularni baholash, ayollar va qizlar va nogironligi bor shaxslarni mehnat bozoriga jalb etilishini ta’minlash uchun mahalliy ekspertlar bilan ishlaydi. Bundan tashqari, maslahatchi, murabbiy sifatida jalb etiladigan va amaliyot o‘tash joylarini ta’minlaydigan kompaniyalar, xususiy sektor bilan ishlashda davlat idoralariga ko‘maklashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq USAIDning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi hunarmand ayollar (5−50 mln so‘m miqdorida qo‘shma moliyalashtirish) va ayollar hunarmandchiligi korxonalarining (50−200 mln so‘m) loyihalarini qo‘llab-quvvatlashi haqida ma’lum qilingandi.