O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Maxsus komissiya qarori bilan Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya va Misr davlatlari hududidan mamlakatga kirib kelgan yo‘lovchilarni 10 kun davomida majburiy uy karantini yoki ularni o‘z hisoblaridan mehmonxonaga karantinga joylashtirish tartibi bekor qilinmoqda. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tartib koronavirusning omikron shtammi keng tarqalishi ortidan o‘tgan yilning dekabr oyidan boshlab joriy qilingandi.

Bundan tashqari, Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Lesoto, Esvatini, Tanzaniya va Gonkong bilan xalqaro aviaqatnovlar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublika hududiga kirish) tiklanadi. Ushbu tartib ham dekabr boshida kiritilgandi. Endi mazkur davlatlarda so‘nggi 14 kun davomida bo‘lgan uchinchi davlat fuqarolari ham O‘zbekistonga kira oladi.

Avvalroq, koronavirus yuqtirib olgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning karantin o‘tash muddati 14 kundan 7 kungacha qisqartirilgani haqida yozgandik. Bundan tashqari, 7 fevraldan OTM, kollej, litsey va maktablarda ta’lim an’anaviy shaklga o‘tkazildi.