O‘qituvchilar va ularning oylik maoshi mavzusi so‘nggi yillarda juda ko‘p tilga olinmoqda. O‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini oshirish, o‘qituvchi oylik maoshini 1000 dollarga yetkazish ko‘zda tutilayotganligi, xususan, davlat rahbari tomonidan bir necha bor ta’kidlandi.

Oldingi davr bilan taqqoslab ko‘rilsa, so‘ngi yillarda o‘qituvchilar kasbiy faoliyatida erishgan eng katta yutuq — bu ularni majburiy mehnatga jalb qilishning sezilarli darajada kamayganligi bo‘ldi. O‘z vaqtida, o‘qituvchilar o‘quvchilari bilan birga butun yig‘im-terim mavsumi davomida — sentabr boshidan noyabr-dekabr oylarigacha paxta dalalaridan chiqmas edi. Eng achinarlisi, o‘qituvchilar o‘z faoliyatining bir qismini paxta dalalarida o‘tkazishi odatiy holga aylanib qolgan edi. Shu ma’noda, majburiy mehnatning sezilarli darajada kamayganligini oxirgi yillarda erishilgan chinakam yutuq deb hisoblash mumkin.

O‘qituvchilarning oylik maoshi qanday o‘zgarmoqda? Bu borada ham oxirgi yillarni chinakam yutuq deb hisoblasak bo‘ladimi?

O‘qituvchilarning shundog‘am xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlardan ozod qilinganligini olqishlashimiz mumkin, lekin ta’lim sohasi vakillarining oylik maoshi haqida gap ketganda, oxirgi yillardagi o‘zgarishlar bilan maqtana olmaymiz.

O‘rtacha oylik ish haqi nuqtai nazaridan taqqoslasak, 2017 yilda ta’lim sohasida band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha oylik maoshi respublikadagi o‘rtacha ish haqi darajasidan 20% pastroq ko‘rsatkichni namoyon qilganligini ko‘ramiz. 2021 yil yakunlariga ko‘ra esa mazkur ko‘rsatkichlar orasidagi tafovut yanada kengayib, qariyb 28% ga yetgan.

Ya’ni, 2017 yilda ta’lim sohasi vakillarining o‘rtacha oylik maoshi 1,1 mln so‘mni tashkil etganda, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi darajasi 1,4 mln so‘mga teng edi. 2021 yilning oxiriga kelib ta’lim sohasi vakillarining oylik maoshi 2,3 mln so‘mni tashkil etdi (2017 yilga nisbatan 1,99 marta oshgan), respublika miqyosidagi o‘rtacha oylik ish haqi darajasi esa 3,2 mln so‘mga yetgan (2017 yilga nisbatan 2,2 marta oshgan).

Bu shuni anglatadiki, ta’lim sohasi vakillarining oylik maoshlari darajasi boshqa soha vakillarining oylik ish haqi darajasiga qaraganda sekinroq o‘sgan, natijada o‘tgan davr ichida ta’lim sohasi vakillari jamiyatning boshqa vakillariga nisbatan kambag‘allashgan.


Oxirgi besh yil ichida faqatgina bir yil — 2019 yilda o‘qituvchilarning oylik maoshi boshqa soha vakillarinikiga qaraganda tezroq o‘sgan. Xususan, ularning oylik ish haqi respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 79,2% ga yetgan, taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich 2018 yilda 76,6% ni tashkil etgan edi. So‘nggi ikki yilda esa ta’lim sohasi vakillarining oylik maoshlari, 2018 yilda bo‘lgani kabi, boshqa soha vakillarining oylik ish haqi darajasiga nisbatan sekinroq o‘sgan.

Shuni qayd etish joizki, 2021 yilda ta’lim sohasi vakillarining, jumladan, o‘qituvchilarning oylik maoshlari boshqa soha vakillarining oylik maoshlaridan sekinroq o‘sgan bo‘lsada, nisbatan yaxshi suratda, ya’ni inflyatsiyadan bir muncha yuqori darajada o‘sgan. Xususan, 2021 yilda ta’lim sohasida band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 17% ga o‘sgan (buni o‘tgan yil fevral oyida oylik ish haqlari 10% hamda sentabr oyida pensiyalarning 7% ga oshirilganligi bilan izohlash mumkin), inflyatsiya ko‘rsatkichi esa 10% ni tashkil etgan. Boshqacha aytganda, 2021 yilda o‘qituvchilar jamiyatdagi boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashgan bo‘lishlariga qaramay, ularning real daromadlari qariyb 7% ga ko‘paygan.

Lekin, shuni ham e’tiborga olish kerakki, 2020 yilda pandemiya inqirozi bo‘lishiga qaramasdan mamlakat aholisining real umumiy daromadlari 2,6% ga, real YAIM hajmi 1,6% ga o‘sgan sharoitda ta’lim sohasi vakillarining real ish haqlari pasaygan edi. Xususan, 2020 yilda soha vakillarining o‘rtacha nominal ish haqi 2019 yilga nisbatan 7,4% ga oshgan xolos. Inflatsiya darajasi esa 2020 yilda 11,1% ni tashkil etgan.

Bundan kelib chiqadiki, 2020 yilda ta’lim sohasi vakillarining o‘rtacha real daromadlari 2019 yil bilan taqqoslaganda 3,7% ga pasaygan. Ya’ni ta’lim sohasi vakillari nafaqat boshqa soha vakillari bilan taqqoslaganda kambag‘allashgan, balki ularning daromadlari darajasi real ko‘rsatkichlarda ham jamiyatda boshqalardan ortda qolgan. Aholi real daromadlari darajasida kichik bo‘lsada o‘sish kuzatilgan yilda, biz faqatgina kasb bayramlarida ulug‘laydigan o‘qituvchilar, sezilarli darajada kambag‘allashgan edi.

O‘qituvchilar jamiyatning boshqa vakillariga nisbatan kambag‘allashib borayotganligi qanchalik yomon?

Ta’lim sohasi vakillarining, xususan, o‘qituvchilarning oylik maoshlari boshqa soha vakillarining oylik maoshlariga qaraganda sekinroq o‘sayotganligi ularning jamiyatdagi mavqeyiga salbiy ta’sir qilishi tabiiy. Bu esa, kelgusida shu kasbni tanlashi mumkin bo‘lgan yoshlarni — potensial o‘qituvchilarni moliyaviy omillar sabab boshqa sohalarni tanlashiga olib keladi. Boshqacha aytganda, ta’lim sohasi, shunchaki rag‘batlarning yetishmasligi ortidan, soha rivojiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan potensial xodimlardan ayriladi.

Buni quyidagicha ifodalash ham mumkin: o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish — oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalarning ish topish uchun eng oxirgi chorasiga aylanadi. Bu, o‘z navbatida, ta’lim sohasida malakasiz kadrlarning yildan-yilga ortib borishiga olib keladi. Chunki malakali kadrlarning ko‘pchiligi o‘qituvchi bo‘lishni xohlasada, nisbatan yuqoriroq daromad taklif qiladigan boshqa faoliyat turlarini tanlashiga to‘g‘ri keladi. Bu kabi holatga hozir ham qisman guvoh bo‘lib turibmiz. Bunday tendensiyaning davom etishi va kuchayishi esa ta’lim tizimini yanada chuqurroq inqirozga olib kiradi.

Albatta, bu jarayon nisbatan uzoqroq muddatda sodir bo‘ladi. Qisqa muddatda esa, agar o‘qituvchilar o‘zlarining kambag‘allashib borayotganligini sezsa, bu ularning mehnat unumdorligi hamda mehnat sifatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi mumkin.

Majburiy mehnatning keskin qisqartirilishi o‘qituvchilar faoliyati va hayotini ancha yaxshiladi. Lekin bu kabi ishlar shundoq ham ularning xizmat vazifasiga kirmagan. Bundan tashqari, majburiy mehnatning bekor qilinishi ta’lim sohasini nisbatan qisqa muddatda biroz yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkin xolos. O‘qituvchilar jamiyatda daromad nuqtai nazaridan o‘z mavqelarni yo‘qotib borar ekan, uzoq muddatda ta’lim tizimini qutqarib bo‘lmaydi. Ya’ni yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, uzoq muddatda potensial soha vakillari moliyaviy hamda jamiyatdagi obro‘-e’tibor nuqtai nazaridan boshqa sohalarni tanlaydi.

Ta’lim sifati iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sishida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Agar bu sohada ishlashga rag‘bat yildan-yilga kamayib borsa, bu, tabiiyki, uzoq muddatda ta’lim sifatining ham pasayishiga sabab bo‘ladi. Ta’lim sifatining pasayishi, o‘z navbatida, uzoq muddatli o‘sishni ham pasaytiradi. Shunday ekan, ta’lim sohasi vakillarining jamiyatdagi boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashib (hozir kuzatilayotgan tendensiya) borishini yaqin va uzoq istiqbol uchun ham xavf-xatar deb baholash maqsadga muvofiq.

Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo‘nalishi magistranti.